Oʻzbekistonda oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini ularning mehnat bozoridagi xaridorgirligi boʻyicha baholash tartibi tasdiqlandi
Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi bitiruvchi sifati indeksini hisoblash metodikasini tasdiqladi. Hujjat Adliya vazirligida roʻyxatdan oʻtdi va Lex.uz saytida eʼlon qilindi.

Oʻzbekistonda oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining mehnat bozorida xaridorgirligini baholash tartibi tasdiqlandi
Maʼlumotlardan kelib chiqishicha, ushbu indeks Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalaridagi taʼlim sifatini hamda ularning bitiruvchilari mehnat bozorida qanchalik xaridorgir ekanini baholashda qoʻllaniladi. Hisob-kitoblarni har yili hisobot yilining 1 iyulidan keyingi yilning 30 iyunigacha boʻlgan davr uchun oʻtkazish nazarda tutilmoqda.
Metodika toʻrtta asosiy koʻrsatkichga asoslangan: ishga joylashish tezligi, bandlik barqarorligi, oʻrtacha oylik daromad va bandlik kategoriyasi.
Ishga joylashish tezligi oʻqishni tugatgandan soʻng bir yil davomida ish topgan bitiruvchilarning umumiy bitiruvchilar sonidagi oʻrtacha vaznli ulushi sifatida aniqlanadi. Bitiruvchi qanchalik erta ishga joylashgan boʻlsa, koeffitsiyent shunchalik yuqori boʻladi: birinchi oyda — 4, uch oy davomida — 3, yarim yil davomida — 2.
Bandlik barqarorligi hisobot yilida kamida oti oy uzluksiz ishlagan bitiruvchilar boʻyicha baholanadi. Ularning barcha ishga joylashgan bitiruvchilar orasidagi ulushi hisobga olinadi. Bunda baholash maqsadlari uchun 10 ish kunigacha boʻlgan ishdagi tanaffuslar staj uzluksizligining buzilishi hisoblanmaydi.
Bitiruvchilarning oʻrtacha oylik daromadi oʻrtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida baholanadi. OTM boʻyicha olingan oʻrtacha koʻrsatkich ushbu koʻrsatkich eng yuqori boʻlgan OTM natijasi bilan solishtiriladi.
Bandlik kategoriyasi ham ish oʻrni turi boʻyicha tortilgan baholash orqali hisobga olinadi:
yuridik shaxs boʻlgan kompaniyalarda ishlayotgan, oʻz yuridik shaxsini tashkil etgan, taʼlim tizimida band boʻlgan, xorijga 90 kundan ortiq muddatga chiqib ketgan yoki Ijtimoiy reyestrga kiritilgan bitiruvchilar 2 koeffitsiyentini oladi;
yakka tartibdagi tadbirkorlar — 1,5 koeffitsiyentini;
qolgan bitiruvchilar — oʻzini oʻzi band qilganlar, fuqarolik-huquqiy shartnomalar boʻyicha ishlayotganlar, dehqon xoʻjaliklari va oilaviy korxonalarda band boʻlganlar, shuningdek, ikki yoshgacha boʻlgan bolalarni parvarishlayotganlar — koeffitsiyentsiz hisobga olinadi.

