Oʻzbekistonda maktab darsliklarini yangilash davom ettiriladi
Maktab va oliy taʼlimdagi islohotlarning navbatdagi vazifalari koʻrib chiqildi. 2027 yilgacha 1300 dan ortiq darslik va oʻquv-uslubiy materiallar tayyorlash rejalashtirilgan.

Oʻzbekistonda maktab darsliklarini yangilash davom ettiriladi
Yangi Oʻzbekiston maktab bitiruvchisi portretida, bilimlardan tashqari, zamonaviy koʻnikmalar, axborot texnologiyalarini puxta egallash, ijodiy va mustaqil fikrlash, shuningdek, qaror qabul qila olish qobiliyatiga muhim ahamiyat qaratilmoqda. Darsliklar va taʼlim mazmunini yangilash borasidagi ishlar aynan shu maqsadga erishishga qaratilgan.
Yangi oʻquv materiallarini tayyorlashda xalqaro tajriba oʻrganildi. Boshlangʻich sinflar uchun darsliklar Finlyandiya taʼlim alyansi sertifikatidan oʻtdi, 5–7-sinflar uchun matematika, fizika, kimyo va biologiya darsliklari esa Singapur darsliklari asosida ishlab chiqildi.
Yangi yondashuvda oʻquvchi har bir sinfni tamomlaganidan keyin nimalarni bilishi va qila olishi kerakligi aniq belgilab qoʻyilgan. Taʼlim standarti, oʻquv dasturi, darslik va baholash oʻzaro bogʻliqlikda tuziladi, bunda mavzularning yoshga mosligi, ularning ketma-ketligi va bilimlarni amaliyotda qoʻllash imkoniyatiga alohida eʼtibor qaratiladi. 2027 yilgacha jami 1 ming 342 nomdagi darslik va oʻquv-metodik materiallarni tayyorlash rejalashtirilgan.
Darsliklarda tanqidiy fikrlash, muloqot, hamkorlik va ijodkorlik koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan topshiriqlar joylashtirilmoqda. Bunda bola tayyor javobni yodlab olish bilan cheklanib qolmay, balki savollar berishi, maʼlumotlarni tahlil qilishi, oʻz fikrini asoslashi va birgalikda yechim topishi nazarda tutiladi.
Oʻquv materiallarida kasbga yoʻnaltirish alohida oʻrin tutadi. Ushbu yoʻnalish boʻyicha 255 ta dars ishlab chiqilgan boʻlib, ular bolalarga oʻz qiziqishlarini anglash va kelajakda ongli ravishda kasb tanlashda yordam berishga qaratilgan. Darslik qahramonlari orqali bolalarga doʻstlik, masʼuliyat, jasorat va hurmat kabi qadriyatlar yaqin misollarda ochib beriladi.

