Oʻzbekistonda mahallalarning jamoat transporti bilan qamrab olinishi 98,8 foizga yetdi

Oʻzbekistonda mahallalarning jamoat transporti bilan qamrab olinishi 98,8 foizga yetdi
Transport vazirligi va uning tasarrufidagi tashkilotlar vakillari ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida respublikada jamoat transporti tizimini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar yakunlari maʼlum qilindi.
2020–2026 yillar oraligʻida mamlakatda 1 037 ta yangi yoʻnalish ochildi, buning sharofati bilan jamoat transporti bilan qamrab olingan mahallalar soni 9 331 taga yetdi, umumiy qamrov darajasi esa 87,9 foizdan 98,8 foizga oshdi. Ilgari transport bormagan mahallalar soni 1 118 tadan 111 tagacha kamaydi. Amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar fonida jamoat transportidan muntazam foydalanadigan iqtisodiy faol aholi ulushi 2022 yildagi 21 foizdan joriy yilda 37 foizgacha oshdi.
Avtoparkni yangilash uchun 2023–2026 yillarda 3 500 ta zamonaviy avtobus, jumladan 753 ta elektrobus xarid qilinib, yoʻnalishlarga chiqarildi. Brutto-kontrakt tizimiga oʻtkazilgan yoʻnalishlarda harakatlanish intervali 18–20 daqiqadan 10–12 daqiqagacha, manzilga yetib borishning oʻrtacha vaqti esa 45 daqiqadan 30 daqiqagacha qisqardi.
Respublika boʻyicha sutkalik yoʻlovchi tashish hajmi 1,2 million kishidan 2,6 million kishiga yetdi, joriy yilda esa qoʻshimcha ravishda 87 kilometr alohida avtobus yoʻlaklari foydalanishga topshirildi. 2030 yilgacha boʻlgan istiqbolli rejalarda yangi avtobuslar parkini 5 ming taga, elektrobuslar sonini esa 2 ming taga yetkazish koʻzda tutilgan.

