Oʻzbekistonda kadastr tizimining ish tartibi oʻzgartirilmoqda

Oʻzbekistonda kadastr tizimining ish tartibi oʻzgartirilmoqda
Oʻzbekistonda kadastr tartib-taomillarining bir qismini respublika darajasidan hududlar va tumanlarga oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, kadastr hujjatlarini qayta ishlash tizimida ayrim bosqichlar qisqartirilmoqda, ariza beruvchilarga esa oʻz murojaatlari qaysi bosqichda turganini va uni qaysi tashkilot koʻrib chiqayotganini kuzatib borish imkoniyati yaratilmoqda.
Bu haqda Davlat kadastrlari palatasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Behzod Karimov Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanida oʻtkazilgan sayyor qabulda maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, ilgari ayrim kadastr hujjatlari 18 ta tashkilot bilan kelishilishi mumkin edi. Bunda ariza beruvchiga uning murojaati qaysi bosqichda ekani va uni koʻrib chiqish uchun qaysi tashkilot masʼul ekani doim ham tushunarli boʻlmagan.
Karimovning taʼkidlashicha, soʻnggi bir oy ichida tizimda hujjatni qayta ishlashning joriy bosqichini, masʼul tashkilotni va kelishuv natijasini — ijobiy yoki salbiy ekanini koʻrish imkonini beruvchi oʻzgarishlar yuz berdi.
Shu bilan birga, vakolatlarning bir qismi hududiy va tuman boʻlinmalariga oʻtkazilmoqda. Gap ilgari yuqori turuvchi organ darajasida koʻrib chiqilgan masalalar haqida bormoqda, biroq Karimov allaqachon oʻtkazilgan vakolatlarning aniq roʻyxatini tilga olmadi.
Palata rahbari toʻxtalib oʻtgan yana bir muammo — fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari boʻyicha asossiz rad etishlar boʻldi. Uning soʻzlariga koʻra, bunday holatlar idoraning doimiy nazoratida turibdi. Aniqlangan holatlar soni va ular boʻyicha qabul qilingan qarorlar hisob-kitoblardan soʻng maʼlum qilinishi vaʼda qilinmoqda.
Karimov taʼkidlaganidek, xatlovdan oʻtkazish nafaqat kadastr maʼlumotlarini yangilash uchun zarur. Bu jarayonda mutaxassislar maʼlumotlarni obʼyektlarning haqiqiy holati bilan solishtirishlari va joylardagi mavjud muammolarni aniqlashlari kerak.
Shu bilan birga, Palata rahbari byurokratik tartib-taomillardan hali toʻliq voz kechishning imkoni boʻlmaganini tan oldi. Uning soʻzlariga koʻra, ayrim bosqichlar qisqartirilmoqda, hujjatlarni koʻrib chiqish tartibini oʻzgartirish boʻyicha ishlar esa davom etmoqda.

