Oʻzbekistonda import va eksport farqi qariyb ikki baravar oshdi
2026-yilning yanvar–avgust oylarida Oʻzbekiston importi eksportdan 11,7 mlrd dollarga koʻp boʻldi. Oʻtgan yilning mos davrida bu farq 6 mlrd dollarni tashkil etgan. Sakkiz oyda eksport 3,4 foizga kamaygan, import esa 16,3 foizga oshgan.

Oʻzbekistonda import va eksport oʻrtasidagi tafovut qariyb ikki baravar kengaydi
Milliy statistika qoʻmitasining dastlabki maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasi 57,4 mlrd dollarga yetdi. Bu 2025-yilning yanvar–avgust oylariga nisbatan 4 mlrd dollar yoki 7,6 foizga koʻp.
Jami eksport 22,9 mlrd dollarni, import esa 34,5 mlrd dollarni tashkil etdi. Shunday qilib, tashqi savdoda 11,7 mlrd dollarlik manfiy saldo — yaʼni importning eksportdan ortiq qismi qayd etildi.
Eksport tarkibidagi eng katta oʻzgarishlardan biri oltin savdosida kuzatildi. Uning qiymati oʻtgan yilgi 8,3 mlrd dollardan 2,8 mlrd dollarga tushdi. Yaʼni oltin eksporti dollar hisobida 66,3 foizga kamaydi.
Shu bilan birga, oltinni hisobga olmaganda, tovarlar eksporti 28,7 foizga oʻsib, 11,5 mlrd dollarga yetdi. Xizmatlar eksporti ham 33,8 foizga koʻpayib, 8,5 mlrd dollarni tashkil etdi. Xizmatlarning jami eksportdagi ulushi 37,4 foizga yetdi.
Sanoat tovarlari eksporti 25,6 foizga oshib, 3,4 mlrd dollarga, kimyoviy vositalar va shu kabi mahsulotlar eksporti esa 32,3 foizga oʻsib, qariyb 1,8 mlrd dollarga yetdi. Mashinalar va transport asbob-uskunalari eksporti 899,8 mln dollarni tashkil etib, 43 foizga koʻpaydi.
Importda eng yirik yoʻnalish mashinalar va transport asbob-uskunalari boʻlib qolgan. Sakkiz oyda ushbu toifada 11,3 mlrd dollarlik mahsulot olib kirildi — bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 17,3 foizga koʻp.
Oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar importi 39,3 foizga oshib, 3,7 mlrd dollarga yetdi. Jumladan, goʻsht va goʻsht mahsulotlari importi 677,4 mln dollarni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich qiymat hisobida 34,2 foizga oʻsgan.
Hisobot davrida Oʻzbekiston 200 dan ortiq mamlakat bilan savdo aloqalarini amalga oshirgan. Eng yirik savdo hamkorlari quyidagilar boʻlgan:
- Xitoy - 13,2 mlrd dollar, umumiy savdoning 23 foizi;
- Rossiya - 9,2 mlrd dollar, 16 foiz;
- Qozogʻiston - 3,7 mlrd dollar, 6,5 foiz;
- Turkiya - 1,9 mlrd dollar, 3,4 foiz;
- Afgʻoniston - 1,4 mlrd dollar, 2,5 foiz.
Importning qariyb uchdan bir qismi — 32,4 foizi Xitoy hissasiga toʻgʻri kelgan. Ushbu mamlakatdan 11,2 mlrd dollarlik tovar va xizmatlar import qilingan, unga eksport esa qariyb 2 mlrd dollarni tashkil etgan.

