Oʻzbekistonda import qiluvchilar endi QQS toʻlashga avtomatik ravishda oʻtkazilmaydi
Oʻzbekistonda import qiluvchilar tovarlar olib kirgani sababli avtomatik ravishda QQS toʻlashga oʻtkazilmaydi, deb xabar berdi Soliq qoʻmitasi.

Oʻzbekistonda import qiluvchilar endi QQS toʻlashga avtomatik ravishda oʻtkazilmaydi
Oʻzbekistonda tovarlar importi bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) toʻlashga majburiy oʻtish tartibi bekor qilindi. Bu haqda Soliq qoʻmitasi xabar berdi.
Ushbu oʻzgarishdan soʻng 560 nafar importchi tadbirkor QQS toʻlash rejimiga oʻtmasdan, aylanmadan olinadigan soliqni toʻlashda davom etish imkoniyatiga ega boʻldi.
Avvalgi tartib mamlakatga tovar olib kiruvchi tadbirkorlarni majburiy tartibda QQS toʻlovchisi deb eʼtirof etishni nazarda tutar edi.
Soliq qoʻmitasining taʼkidlashicha, 2025 yilda 1,6 ming importchi olib kirgan tovarlarining qiymati 1 ming dollardan oshmagan boʻlsa-da, QQS va foyda soligʻi toʻlashga oʻtkazilgan edi.
Majburiy oʻtishning bekor qilinishi ushbu importchilarga aylanmadan olinadigan soliqni toʻlagan holda faoliyatini davom ettirish imkonini beradi.

