Texnologiya

Oʻzbekistonda ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarga SI-infratuzilmasidan bepul foydalanish imkoniyati beriladi

Oʻzbekistonda ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarga SI-infratuzilmasidan bepul foydalanish imkoniyati beriladi

Raqamli texnologiyalar va SIni rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan universitetlar, ilmiy tashkilotlar, startaplar va hokimlarning maslahatchilari Raqamli texnologiyalar vazirligining sunʼiy intellekt infratuzilmasidan bepul yoki imtiyozli shartlarda foydalanishlari mumkin boʻladi. Buning uchun loyihalar tanlov asosida saralab olinishi kerak.

Imtiyozlar berish tartibi hukumat qarori bilan mustahkamlab qoʻyildi.

Katta til modellari bilan ishlaydigan loyihalar uchun olti oygacha boʻlgan muddatga dasturiy interfeysdan bepul foydalanish koʻzda tutilgan. Har bir kalendar oyida 10 milliongacha tokenni — SI ishlaydigan matn birliklarini qayta ishlash mumkin boʻladi.

Agar loyihaga koʻproq resurs kerak boʻlsa, oyiga qoʻshimcha ravishda 50 milliongacha tokendan foydalanish mumkin boʻladi. Ushbu hajm uchun 50 % chegirma belgilangan. Foydalanilmagan tokenlar keyingi oyga oʻtkazilmaydi.

Katta til modellariga taalluqli boʻlmagan boshqa sunʼiy intellekt modellari bilan ishlash uchun olti oy muddatga 120 gigabaytgacha videoxotira olish mumkin boʻladi. Ushbu resurslar modellarni oʻqitish, sinovdan oʻtkazish, tekshirish, baholash va hisob-kitoblarni ishga tushirish uchun moʻljallangan.

Loyihalarni saralab olish tanlov asosida yiliga ikki marta — iyul va noyabr oylarida oʻtkaziladi. Talabnomalar 100 ballik tizim boʻyicha baholanadi.

Natijalardan rozi boʻlmagan ishtirokchilar natijalar eʼlon qilinganidan keyin uch ish kuni ichida apellyatsiya komissiyasiga elektron shikoyat berishlari mumkin boʻladi. Murojaatni koʻrib chiqish uchun besh ish kuni ajratiladi.

Bitta foydalanuvchi bir vaqtning oʻzida faqat bitta loyihani olib borishi mumkin boʻladi. Olingan maʼlumotlarni belgilangan maqsadlardan tashqari ishlatish, uchinchi shaxslarga berish yoki tijorat maqsadlarida qoʻllash taqiqlanadi, qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha hol nazarda tutilgan boʻlmasa.

Bundan tashqari, Oʻzbekistonda har yili bir million yoshlarni robototexnika, oʻyinlar ishlab chiqish, startaplar yaratish va boshqa istiqbolli yoʻnalishlarga oʻqitish rejalashtirilmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.