Oʻzbekistonda hududlar sanoatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Oʻzbekistonda hududlarning sanoat va eksport salohiyatini oshirish, ish oʻrinlari yaratish hamda yangi ishlab chiqarishlarni rivojlantirish boʻyicha vazifalar belgilandi.

Oʻzbekistonda 3 sentyabr kuni hududlarda sanoatni rivojlantirish, mavjud salohiyatdan samarali foydalanish va hududiy sanoat shtablari faoliyatini takomillashtirishga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtdi.
Tadbirda iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari Ilhom Norqulov ishtirok etdi.
Ishtirokchilar hududlarda sanoatni rivojlantirishning amaldagi tizimi, mavjud muammolar va ularni hal etish mexanizmlarini muhokama qildilar. Korxonalarning ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish, yangi loyihalarni amalga oshirish hamda hududlardagi «oʻsish nuqtalari»ni belgilashga alohida eʼtibor qaratildi.
Asosiy yoʻnalishlardan biri maʼlumotlarga asoslangan holda sanoat rivojlanishini rejalashtirish boʻldi. Bundan tashqari, korxonalar faoliyatini muntazam monitoring qilish, kichik kompaniyalarni yirik sanoat korxonalari bilan kooperatsiyaga jalb etish, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash va qoʻshilgan qiymat zanjirlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Seminar davomida sanoat zonalari va kichik sanoat markazlaridan yanada samarali foydalanish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi. Ishtirokchilar, shuningdek, eksport qiluvchi korxonalarni manzilli qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari va hududlarga xalqaro brendlarni jalb qilish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Sanoat rivojlanishi jarayonlarini tahlil qilish va prognoz qilish uchun sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllashga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbir yakunlari boʻyicha hududlarning sanoat salohiyatini yanada toʻliqroq roʻyobga chiqarish borasidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ular qatorida — yangi ish oʻrinlarini yaratish, eksport hajmini oshirish va yetkazib berish geografiyasini kengaytirish, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish hamda hududiy sanoatning raqobatbardoshligini oshirish bor.

