Oʻzbekistonda fuqarolarni umra ziyoratiga noqonuniy yuborishning bir nechta holati aniqlandi

Oʻzbekistonda fuqarolarni umra ziyoratiga noqonuniy yuborish boʻyicha bir nechta holat aniqlandi
Mamlakatning bir qator hududlarida tegishli litsenziyaga ega boʻlmay turib, umra amalini bajarish uchun Saudiya Arabistoniga safarlarni tashkil etishni taklif qilgan fuqarolar va turistik firmalar vakillari aniqlandi.
DXX xabariga koʻra, bir yoʻla bir nechta shunday holat 2200 dollar miqdoridagi mablagʻ bilan bogʻliq boʻlgan. Xususan, Qoʻqon shahrida turistik firma rahbari ikki nafar fuqaroning umra ziyoratiga borishi uchun ushbu summani talab qilgan. Namangan viloyatining Chortoq tumanida ham turfirma xodimi ikki kishining safari uchun 2200 dollar soʻrab, oldindan toʻlov sifatida 400 dollar olayotgan vaqtida ushlangan. Shu kabi yana bir holat Fargʻona viloyatining Dangʻara tumanida aniqlanib, unda turfirma menejeri Uchkoʻprik tumanida yashovchi ikki fuqaro uchun 2200 dollar olgan. Ularning uchchalasi ham DXX va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida qoʻlga olingan.
Toshkent viloyatining Toshkent tumanida tegishli litsenziyaga ega boʻlmagan shaxs poytaxtlik fuqaroning ishonchiga kirib, tanishlari orqali uni 1100 dollar evaziga umra ziyoratiga yuborishni vaʼda qilgan. U 1000 dollar va 1,2 mln soʻm olayotgan vaqtida ushlangan.
Samarqand viloyatining Payariq tumanida aviakassa rahbari umra safarlarini tashkil etish huquqiga ega boʻlmasa-da, mahalliy fuqaroga uni 1150 dollar evaziga Saudiya Arabistoniga yuborishni taklif qilgan. U ham koʻrsatilgan summani olayotgan vaqtida qoʻlga olingan.
Yana bir holat Sirdaryo viloyatida yuz bergan. Guliston tumanida yashovchi shaxs uch nafar fuqaroga Toshkentdagi tegishli vakolatga ega turfirma orqali safar tashkil etishni taklif qilgan. Buning evaziga u jami 3150 dollar talab qilgan. Erkak oldindan toʻlov sifatida 3,5 mln soʻm olayotgan vaqtida ushlangan.
Barcha holatlar boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Oʻzbekistonda umra safarlarini tashkil etish bilan faqat tegishli litsenziyaga ega boʻlgan kompaniyalar shugʻullanish huquqiga ega. Rasmiy roʻyxatda hozirda shunday 14 ta tashkilot koʻrsatilgan.

