Oʻzbekistonda epidemiya xavfi boʻlganda aholini emlash tartibi belgilandi

Oʻzbekistonda epidemiya xavfi boʻlganda aholini emlash tartibi tasdiqlandi
Oʻzbekistonda karantinli va xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi boʻlganda emlash tartibi belgilandi. Emlashlar bosh davlat sanitariya shifokorining qaroriga asosan amalga oshiriladi, emlashdan soʻng esa fuqaro tibbiy nazoratda boʻladi.
Profilaktik emlashni oʻtkazish tartibini belgilovchi hujjat Adliya vazirligi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazildi.
Profilaktik emlash hududda yuqumli kasallik aniqlanganda, u keng tarqala boshlaganda yoki aholining ayrim guruhlari zararlanishi xavfi yuzaga kelganda joriy etilishi mumkin. Bu haqdagi qarorni bosh davlat sanitariya shifokori qabul qiladi.
Birinchi navbatda, kasallikni yuqtirib olish yoki infektsiyani boshqalarga yuqtirish xavfi yuqori boʻlgan shaxslar emlanadi. Shuningdek, infektsiya oʻchogʻida kasallanganlar bilan muloqotda boʻlganlar va epidemiologik koʻrsatmalar boʻyicha emlanishi zarur boʻlgan shaxslarga ustuvorlik beriladi.
Emlash uchun faqat davlat roʻyxatidan oʻtgan va tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishiga ruxsat etilgan vaktsinalardan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
Emlashdan oldin fuqaro tibbiyot xodimlari tomonidan koʻrikdan oʻtkazilishi kerak. Mutaxassislar vaktsinaga nisbatan sezuvchanlik bor-yoʻqligini, ilgari ogʻir allergik reaktsiyalar boʻlgan-boʻlmaganligini va boshqa qarshi koʻrsatmalar mavjudligini tekshiradilar.
Emlashdan oldin, shuningdek, fuqaroga vaktsina va undan keyin yuzaga kelishi mumkin boʻlgan reaktsiyalar, emlashdan keyingi nazorat tartibi hamda emlashni rad etishning huquqiy oqibatlari haqida tushuntirilishi lozim.
Har bir emlangan shaxs haqidagi maʼlumot emlash amalga oshirilgandan soʻng darhol Yagona tibbiy axborot tizimiga kiritiladi.
Nazorat fuqaro emlash xonasini tark etganidan keyin ham davom etadi. Dastlabki 30 daqiqa davomida uni tibbiyot xodimi kuzatib boradi. Keyinchalik uch kun davomida emlangan shaxsning ahvoli shifokor va patronaj hamshirasi tomonidan nazorat qilinadi.

