Oʻzbekistonda bolalarga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish tartibini oʻzgartirish xohlanmoqda
Oʻzbekistonda voyaga yetmaganlarga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishning alohida tartibini joriy etish istagi bildirilmoqda. Holatni maʼmuriy huquqbuzarlik sifatida tasniflashdan oldin, materiallar prokuror tomonidan oʻrganilishi va harakatlarda jinoyat alomatlari bor-yoʻqligi aniqlanishi kerak

Oʻzbekistonda bolalarga nisbatan jinsiy tegajogʻlik qilish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish tartibini qayta koʻrib chiqish rejalashtirilmoqda
Oʻzbekistonda voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy tegajogʻlik qilish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish tartibini oʻzgartirish taklif etildi. Tegishli qonun loyihasi 28 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Adolat» va «Milliy tiklanish» partiyalari fraktsiyalarida muhokama qilindi.
Oʻzgartirishlarni Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritish rejalashtirilgan. «Adolat» fraktsiyasi yigʻilishida taʼkidlanganidek, amaldagi mexanizm bolalarga nisbatan jinsiy tegajogʻlik holatlari uchun alohida tartibni nazarda tutmaydi, shu sababli bunday harakatlarni toʻgʻri malakalash — maʼmuriy huquqbuzarlik yoki jinoyat sifatida baholash masalasi hamon ochiq qolmoqda.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41−1-moddasiga koʻra, jinsiy tegajogʻlik qilish — shaxsga nisbatan uning uchun nomaqbul boʻlgan hamda uning shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan, shaxsning tashqi koʻrinishini yoki qomatini tavsiflashda, ishora qilishda, teginishda, chaqirishda ifodalangan, jinsiy moyillikni nazarda tutuvchi bir martalik qoʻpol yoki bir necha bor sodir etilgan jinsiy xususiyatdagi harakatlarni amalga oshirishdir.
Bunday huquqbuzarlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravaridan 5 baravarigacha (880 ming soʻmdan 2,2 mln soʻmgacha) jarima solish yoki besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olish, bir yil davomida takroran sodir etilganda esa — BHMning 5 baravaridan 7 baravarigacha (3,08 mln soʻmgacha) jarima solish yoki 15 sutkagacha qamoqqa olish koʻzda tutilgan.
Hozirgi vaqtda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma boshqa hujjatlar va dalillar bilan birga huquqbuzarlik sodir etilgan yoki aniqlangan paytdan boshlab uch sutkadan kechiktirmay ishni koʻrib chiqishga vakolatli boʻlgan organga yoki mansabdor shaxsga yuborilishi kerak.
Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy tegajogʻlik holatlari uchun alohida tartib joriy etish taklif qilinmoqda. Ish maʼmuriy tartibda koʻrib chiqilgunga qadar materiallarni prokuror oʻrganib chiqishi lozim.
Agar prokuror harakatlarda jinoyat alomatlari yoʻqligi toʻgʻrisida qaror qabul qilsa, bayonnoma, dalillar va boshqa hujjatlar bir kun ichida jinoyat ishlari boʻyicha tuman yoki shahar sudiga yuborilishi kerak.
Materiallarga jabrlanuvchining arizasi, tibbiy va boshqa ekspertizalar xulosalari, jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror va sodir boʻlgan voqea tafsilotlarini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarni ilova qilish taklif etilmoqda.
Bunday yondashuv avvalroq prezidentning 2026 yil 3 martdagi xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish toʻgʻrisidagi farmoni bilan mustahkamlangan edi.
«Adolat» deputati Ziyodbek Yunusov ushbu oʻzgartirishlar tarkibida jinoyat alomatlari boʻlgan harakatlarning maʼmuriy ish doirasida qolib ketishi holatlarining oldini olishi, shuningdek, bunday materiallarni koʻrib chiqishning aniq tartibini belgilashi kerakligini taʼkidladi.
«Milliy tiklanish» vakili Davron Aripov voyaga yetmaganlarga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha prokuraturaning qoʻshimcha huquqiy baho berishi bolalarni zoʻravonlikning turli shakllaridan himoya qilish va ularga nisbatan jinsiy xususiyatdagi harakatlarning oldini olishga xizmat qilishi kerakligini aytdi.
Har ikki fraktsiya qonun loyihasini qoʻllab-quvvatladi.
Bundan tashqari, «Adolat» partiyasi fraktsiyasi Qonunchilik palatasiga bolalarga nisbatan zoʻravonlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan kengroq qonun loyihasini kiritdi.
Hujjat Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslar va bir qator boshqa qonunlarga oʻzgartirishlar kiritishni nazarda tutadi.
Qonunchilik palatasi Kengashi qonun loyihasini navbatdagi yalpi majlis kun tartibiga kiritishga qaror qildi. Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi uni koʻrib chiqishga masʼul etib belgilandi.
Qonun loyihasini 29 sentyabr kuni parlament quyi palatasi yigʻilishida koʻrib chiqish rejalashtirilgan.
Qonunchilikni qatʼiylashtirish boʻyicha muhokamalar Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumanidagi davlat bogʻchasining 5 yoshli tarbiyalanuvchisiga nisbatan sodir etilgan jinsiy zoʻravonlik boʻyicha shov-shuvli ish fonida boʻlib oʻtmoqda.
12 sentyabr kuni tuman IIB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi (14 yoshga toʻlmagan shaxsni zoʻrlash) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Jinoyatni sodir etganlikda gumonlanib, bogʻcha xodimi K. M. qoʻlga olingan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Qizchaning onasining soʻzlariga koʻra, taxmin qilinayotgan zoʻravonlik bir necha bor sodir etilgan boʻlishi mumkin.
27 sentyabr kuni Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva sodir boʻlgan voqeaga munosabat bildirdi. U ushbu ish haqida maʼlumot olgach, «haqiqiy gʻazabni his qilganini» maʼlum qildi va tegishli organlarga zarur topshiriqlar berilganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, nafaqat jinoyatni sodir etganlar, balki «bunga yoʻl qoʻygan, sovuqqonlik qilgan va bolani asray olmaganlar» ham jazolanishi kerak.
Saida Mirziyoyeva, shuningdek, bunday jinoyatlar uchun «javobgarlikni maksimal darajada kuchaytirish» maqsadida qonunchilikka oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflar tayyorlanayotganini maʼlum qildi.
Jahon tajribasida bolalarni himoya qilish barcha muassasalar va ularning xodimlari uchun majburiy boʻlgan qatʼiy standartlar, protokollar va reglamentlarga asoslanadi.
Oʻzbekistondagi zoʻravonlikka qarshi Nemolchi.uz loyihasi hali 2025 yilning boshida Bosh prokuraturaga voyaga yetmaganlar huquqlari himoyasini taʼminlash chaqirigʻi bilan chiqqan edi. Bolalarga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etayotgan shaxslar, tergovchilar va sudyalar bunday jinoyatlarni jinsiy tegajogʻlik koʻrinishidagi maʼmuriy huquqbuzarlik sifatida koʻrib chiqqanlarida, jinoiy jazodan qutulib qolishlari mumkin. Faollar idoradan bunga aralashishni soʻrashgan edi.

