Oʻzbekistonda aholi uchun koʻmir elektron platforma orqali sotiladi

Oʻzbekistonda aholi uchun koʻmir elektron platforma orqali sotiladi
Oʻzbekistonda 2026 yilda aholi uchun 1,53 million tonna mahalliy koʻmir yetkazib berish rejalashtirilmoqda. Sotuvlar mycoal.uz elektron platformasi orqali tashkil etiladi, realizatsiya boshlanish sanasi va yoqilgʻi mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar esa hududlar kesimida eʼlon qilib boriladi.
"Oʻzbekkoʻmir" AJ matbuot xizmati xabar berishicha, hozirda mahalliy koʻmir hududlar boʻyicha taqsimlanmoqda va bosqichma-bosqich birja savdolariga chiqarilmoqda. Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlari aholisi uchun dastlabki partiyalarni xususiy tadbirkorlar xarid qilib boʻldi. Hozirgi vaqtda shartnomalar rasmiylashtirilmoqda va yoqilgʻini belgilangan tumanlarga yetkazib berish tashkil etilmoqda.
Koʻmir omborlarga yetib kelganidan keyin tadbirkorlar uni aholiga mycoal.uz platformasi orqali sotishni boshlaydilar. U yerda sotuvlar boshlanish sanasi, ombor manzili, mavjud koʻmir hajmi va boshqa zarur maʼlumotlar koʻrsatiladi.
Kompaniyada aholini koʻmir sotilishi haqidagi maʼlumotlarni faqat rasmiy manbalardan va mycoal.uz platformasidan olishga chaqirishdi.
Shu bilan birga, hududlarda xonadonlar roʻyxatini tuzish va aholining koʻmirga boʻlgan ehtiyojini aniqlash davom etmoqda. "Oʻzbekkoʻmir"da taʼkidlanishicha, ushbu maʼlumotlarning oʻz vaqtida shakllantirilishi yoqilgʻini hududlar oʻrtasida taqsimlash va uni aholiga yetkazib berish uchun zarurdir.
Kompaniyada maʼlum qilinishicha, ular tasdiqlangan balans doirasida koʻmir yetkazib berishni, shuningdek, birja savdolarida gʻolib chiqqan tadbirkorlarga yoqilgʻini yuklash va yetkazib berishni muvofiqlashtirib bormoqdalar. Yetkazib berish jarayoni haqidagi maʼlumotlarni aholi uchun muntazam ravishda eʼlon qilib borishga vaʼda berilmoqda.

