Oʻzbekistonda 5 kilogramm opiy boʻlgan yashirin joylar aniqlandi. Video

Oʻzbekistonda 5 kilogramm opiy yashirilgan xufiya joylar aniqlandi. Video
Samarqand va Xorazm viloyatlarida giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanmasi bilan bogʻliq ikkita holatga chek qoʻyildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan jami 5,5 kilogrammdan ortiq opiy musodara qilindi.
Maxsus operatsiyalar Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bojxonachilar va IIV vakillari bilan hamkorlikda oʻtkazildi.
Samarqand viloyatining Urgut tumanida huquq-tartibot xodimlari 53 yoshli mahalliy turgʻunning xonadonini koʻzdan kechirishdi. Tekshiruv davomida hovlida 4,988 kilogramm opiy koʻmib qoʻyilgani maʼlum boʻldi. DXX maʼlumotlariga koʻra, giyohvandlik moddalari mamlakatga kontrabanda yoʻli bilan olib kirilgan.
Yana bir holat Xorazm viloyatida qayd etildi. "Sarimoy" postida Surxondaryodan Xorazmga qarab harakatlanayotgan Cobalt avtomobili toʻxtatildi. Moshinada tezkor xodimlarning kuzatuvida boʻlgan termizlik ikki nafar 37 yoshli fuqaro bor edi.
Ularning mobil telefonlari tekshirilganda, huquq-tartibot xodimlari giyohvandlik moddasi yashirilgan joy haqidagi maʼlumotlarni topdilar. Xufiya joy Buxoro viloyatining Romitan tumani hududidagi A-380 xalqaro trassasi yonida joylashgan edi. U yerdan 539 gramm opiy topildi.
Huquq-tartibot xodimlarining maʼlumotlariga koʻra, qoʻlga olinganlar giyohvandlik moddalarini Xorazm viloyatida sotishni rejalashtirishgan.
Ikkala holat boʻyicha ham kontrabanda va giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalar bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi.
Tergov harakatlari davom etmoqda.
Oldinroq Oʻzbekistonga Afgʻonistondan 52,6 kilogramm gashish va opiy olib kirishga urinishgan edi. Giyohvandlik moddalari tekshiruv paytida aniqlashni qiyinlashtirish uchun boʻsh yuk mashinasi tirkamasining poli ostiga yashirilgan va bir necha qavat qilib oʻrab qoʻyilgan edi.

