Oʻzbekiston yolgʻiz sayyohlar uchun eng yaxshi davlatlar beshligiga kirdi
Oʻzbekiston 2026-yilda yolgʻiz sayohat qilish uchun dunyodagi eng yaxshi beshta turistik yoʻnalish qatoridan joy oldi. Reytingda mamlakatning tarixiy merosi, tabiati, turistik infratuzilmasi, viza sharoitlari va sayohat xarajatlarining hamyonbopligi inobatga olingan.

Oʻzbekiston yolgʻiz sayohatchilar uchun eng yaxshi davlatlar beshligidan joy oldi
Oʻzbekiston Much Better Adventures xalqaro turistik platformasining Solo Travel Index 2026 reytingida mustaqil sayohatchilar uchun eng yaxshi beshta yoʻnalish qatoriga kiritildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi Kyiv Diplomatic jurnaliga tayanib xabar berdi.
Reytingni shakllantirishda mutaxassislar 26 ta mamlakatni bir qator mezonlar asosida baholagan. Ular orasida turlarni bron qilish tendensiyalari, sayyohlar sharhlari, xavfsizlik darajasi, viza tartibi va ovqatlanish xarajatlari bor.
Natijada Oʻzbekiston Italiya, Yaponiya va Portugaliya kabi mashhur turistik davlatlar bilan bir safdan oʻrin oldi.
Reyting mualliflari AQSH fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilgach, amerikalik sayyohlarning Oʻzbekistonga qiziqishi oshganini ham qayd etgan.
Mamlakatning asosiy turistik afzalliklari sifatida boy tarixiy va madaniy meros, rang-barang tabiat hamda rivojlanayotgan sayyohlik infratuzilmasi ko‘rsatilgan.
Xususan, yolgʻiz sayohat qiluvchilarga Nurota togʻlaridagi piyoda yoʻnalishlar bo‘ylab safar qilish, anʼanaviy oʻtovlarda tunab qolish, Qizilqum choʻli orqali Aydarkoʻlga borish tavsiya etilgan.
Shuningdek, Buyuk ipak yoʻli tarixi bilan bogʻliq Samarqand, Buxoro va boshqa qadimiy shaharlarning meʼmoriy hamda madaniy merosi alohida eʼtirof etilgan.
Oʻzbekiston sayohat xarajatlarining nisbatan hamyonbopligi bilan ham ajralib turadi. Mamlakat avvalroq Condé Nast Traveler talqiniga koʻra eng arzon turistik yoʻnalishlar roʻyxatiga ham kiritilgan edi.

