Mahalliy

Oʻzbekiston va Yevropa universitetlari qoʻshma magistrlik dasturini ochishi mumkin

Budapeshtda Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Yevropa mamlakatlari universitetlari ishtirokida suv xoʻjaligini boshqarish va suv diplomatiyasi boʻyicha qoʻshma xalqaro magistrlik dasturini yoʻlga qoʻyish imkoniyati muhokama qilindi. Dasturni Erasmus+ doirasida tashkil etish masalasi koʻrib chiqilgan.

Oʻzbekiston va Yevropa universitetlari qoʻshma magistrlik dasturini yoʻlga qoʻyishi mumkin

«Dunyo» axborot agentligi maʼlumotiga koʻra, bu tashabbus Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo hamkorligini mustahkamlashga bagʻishlangan xalqaro seminarda muhokama qilingan.

Tadbir Vengriya poytaxtida Lorand Etvyosh nomidagi universitet va Korvin universiteti tomonidan tashkil etilgan. Unda Yevropa Ittifoqi, Vengriya, diplomatik korpus, shuningdek, Yevropa va Markaziy Osiyoning ilmiy hamda ekspert-tahliliy doiralari vakillari ishtirok etgan.

Oʻzbekiston tomonidan elchi Oybek Shaxavdinov hamda mamlakatning ilmiy va tahliliy muassasalari delegatsiyasi qatnashgan.

Uchrashuv davomida iqlim oʻzgarishi, suv va energetika xavfsizligi, transport yoʻlaklarini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish hamda ilmiy-taʼlimiy aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilingan.

Oʻzbekiston elchisi mamlakatdagi islohotlar natijalari va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini taqdim etgan. Bu jarayonda 2025-yil aprelda Samarqandda oʻtkazilgan birinchi «Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi» sammiti kelishuvlarini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilgan.

Tomonlar Global Gateway tashabbusi imkoniyatlaridan foydalanish, «yashil» energetika va transport infratuzilmasini rivojlantirish, oʻta muhim xomashyo materiallarini qayta ishlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda malakali kadrlar tayyorlash masalalarini muhokama qilgan.

Oʻzbekiston vakillari suv diplomatiyasi va transchegaraviy suv resurslarini barqaror boshqarish boʻyicha ekspertlik munozaralarida ham ishtirok etgan. Qoʻshma magistrlik dasturi orqali aynan shu yoʻnalishlarda yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash imkoniyati alohida koʻrib chiqilgan.

Tadbir yakunida Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida qoʻshma tadqiqotlar olib borish hamda amaliy hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari belgilab olingan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.