Oʻzbekiston va Tojikiston sanitariya nazoratini kuchaytirmoqda
Oʻzbekiston va Tojikiston transchegaraviy sanitariya-epidemiologiya sohasidagi hamkorlik hamda infektsiyalarning oldini olish boʻyicha loyihani ishga tushirdi.

Oʻzbekiston va Tojikiston sanitariya nazoratini kuchaytirmoqda
Oʻzbekiston va Tojikiston sanitariya-epidemiologik xavfsizlik sohasida transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha loyihani boshladi.
Tashabbusning boshlanishiga bagʻishlangan uchrashuvda ikki mamlakat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati, Xalqaro migratsiya tashkiloti, Osiyo taraqqiyot banki, tegishli idoralar va xalqaro ekspertlar vakillari ishtirok etdi.
Loyiha Toshkent viloyatining Bekobod tumanidagi «Oybek» va Tojikistonning Soʻgʻd viloyatidagi «Fotexobod» davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Tashabbus doirasida tarmoqlararo ishchi guruh tuzish va transchegaraviy axborot almashish mexanizmlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, epidemiologik nazorat tizimlarini kuchaytirish va chegara orqali yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish chora-tadbirlari koʻzda tutilgan.
Chegaraoldi hududlari aholisi va aholining mobil guruhlari tibbiy ehtiyojlarini oʻrganish loyihaning alohida yoʻnalishi boʻladi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Botirjon Qurbonov «Oybek» va «Fotexobod» oʻtkazish punktlari Toshkent — Xoʻjand yoʻnalishidagi muhim strategik obʼyektlar ekanini taʼkidladi.
Uning soʻzlariga koʻra, sanitariya-epidemiologik nazoratni doimiy ravishda mustahkamlab borish, shuningdek, ikki davlat vakolatli organlari oʻrtasidagi hamkorlik va muvofiqlashtirishni rivojlantirish zarur.
Loyihaning amalga oshirilishi chegaraoldi hududlari aholisi salomatligini muhofaza qilishni kuchaytirish, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan epidemiologik tahdidlarga tezkorlik bilan javob qaytarish imkoniyatini oshirish va Markaziy Osiyoda sanitariya-epidemiologik xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

