Oʻzbekiston va Serbiya mehnat migratsiyasi va mobillik toʻgʻrisidagi bitimni tayyorlamoqda
Oʻzbekiston va Serbiya migratsiya va mobillik, jumladan, mutaxassislarni ishga joylashtirish toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitimni imzolashga kelishib oldilar.

Oʻzbekiston va Serbiya mehnat migratsiyasi va mobillik toʻgʻrisidagi bitimni tayyorlamoqda
Oʻzbekiston va Serbiya migratsiya va mobillik sohasida hukumatlararo bitim imzolash boʻyicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Migratsiya agentligi direktori Muhsinxoʻja Abdurahmonov va Serbiya mehnat, bandlik, faxriylar va ijtimoiy siyosat vaziri Militsa Stamenkovski oʻrtasidagi uchrashuv yakunlariga koʻra maʼlum boʻldi.
Tomonlar mehnat migratsiyasi va ishchi kuchi mobilligi sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishni muhokama qildilar. Muzokaralarning asosiy natijalaridan biri Oʻzbekiston va Serbiya oʻrtasida Hukumatlararo bitimni imzolashga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha kelishuv boʻldi.
Serbiya tomoni, shuningdek, Serbiyada boʻlib oʻtadigan EXPO 2027 xalqaro koʻrgazmasi obʼyektlari qurilishiga Oʻzbekistondan malakali mutaxassislarni jalb etishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Ushbu yoʻnalish doirasida muzokaralar ishtirokchilari Serbiya tomonining ehtiyojlarini hisobga olgan holda mutaxassislarni oldindan tayyorlash, shuningdek, ularni keyinchalik munosib mehnat sharoitlari nazarda tutilgan ish joylariga yuborish masalalarini koʻrib chiqdilar.
Tomonlar Serbiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasini ochish istiqbollarini alohida muhokama qildilar. Diplomatik vakolatxonaning ochilishi Oʻzbekiston fuqarolari uchun Serbiyaga viza rasmiylashtirishni osonlashtirishi kutilmoqda. Hozirgi vaqtda tegishli tartib-taomillar Ostona orqali amalga oshirilmoqda.
Muzokaralar Serbiya Milliy bandlik xizmati direktori Milan Bosnich bilan davom ettirildi. Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar hukumatlararo bitim ratifikatsiya qilinganidan soʻng ikki idora oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida alohida Protokol imzolashga kelishib oldilar.
Hujjat Oʻzbekiston va Serbiya oʻrtasida mehnat migratsiyasi va ishchi kuchi mobilligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratiladi.

