Oʻzbekiston va Qozogʻiston ijtimoiy himoya sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Oʻzbekiston va Qozogʻiston ijtimoiy himoya sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Milliy ijtimoiy himoya agentligida agentlik direktori Mansurbek Olloyorovning Qozogʻistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yerali Toʻgʻjanov bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Tomonlar ijtimoiy himoya sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish va amaliy sheriklikni kengaytirish masalalarini koʻrib chiqdilar.
Muzokaralar davomida Qozogʻiston tomoniga Oʻzbekistonda oilaga yoʻnaltirilgan ijtimoiy himoya tizimini rivojlantirish, insonni oila va jamiyatdan ajratmagan holda qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, ushbu jarayonda mahallaning muhim roli haqida maʼlumot berildi.
Bundan tashqari, uchrashuv ishtirokchilari nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tajriba almashish, shuningdek, ekspertlar uchrashuvlari va oʻzaro tashriflarni tashkil etishni muhokama qildilar. Muzokaralar yakunida ikki davlatning ijtimoiy sohadagi hamkorligini yanada mustahkamlash va tizimlashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

