Oʻzbekiston va Polsha yangi investitsiya loyihalarini muhokama qildi
Vazir oʻrinbosari Akram Aliyev va Polsha savdo palatasi prezidenti Andjey Arendarskiy savdo hamda energetika, qurilish va boshqa sohalardagi hamkorlik istiqbollarini koʻrib chiqdilar.

Oʻzbekiston va Polsha yangi investitsiya loyihalarini muhokama qildi
Oʻzbekiston va Polsha savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va qoʻshma loyihalarga Polsha investitsiyalarini jalb qilish imkoniyatlarini koʻrib chiqdi.
Muzokaralar 4 noyabr kuni Oʻzbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Akram Aliyev hamda Polsha savdo palatasi prezidenti Andjey Arendarskiy oʻrtasida boʻlib oʻtdi.
Tomonlar oʻzaro savdoni oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda turizm, axborot texnologiyalari, qurilish, qayta tiklanuvchi energetika, logistika, farmatsevtika va taʼlim sohalarida qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar. Migratsiya masalalari alohida band sifatida tilga olindi.
Uchrashuv ishtirokchilari qayta tiklanuvchi energetika va qurilish sohalarida, shu jumladan Yangi Toshkentni rivojlantirish loyihasi doirasida Polsha kompaniyalari bilan hamkorlik qilish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratdilar.
Muzokaralar yakunida tomonlar bevosita ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash, biznes-delegatsiyalar almashinuvini tashkil etish va investitsiya loyihalarini ilgari surish boʻyicha qoʻshma tadbirlar oʻtkazishdan manfaatdor ekanini tasdiqladilar.

