Oʻzbekiston va KOICA fitosanitariya tizimini rivojlantirishni muhokama qildi
Tomonlar fitosanitariya laboratoriyalari va oʻsimliklarni chegarada nazorat qilish punktlarini modernizatsiya qilish boʻyicha 2023–2027 yillarga moʻljallangan loyihaning amalga oshirilishini koʻrib chiqdilar.

Oʻzbekiston va KOICA fitosanitariya tizimini rivojlantirishni muhokama qildi
Oʻzbekiston Oziq-ovqat xavfsizligi qoʻmitasi Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) va NEWMA PMC kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi, unda tomonlar mamlakat fitosanitariya xizmatini rivojlantirish boʻyicha qoʻshma grant loyihasining amalga oshirilishini koʻrib chiqdilar.
Loyiha 2023–2027 yillarga moʻljallangan boʻlib, oʻsimliklar karantini chegara nazorat punktlari ishini takomillashtirishni, shuningdek, milliy fitosanitariya tizimining institutsional va texnik salohiyatini mustahkamlashni nazarda tutadi.
Hamkorlikning asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida hududiy fitosanitariya laboratoriyalarini modernizatsiya qilish qayd etildi. Xususan, ularni zamonaviy tahliliy va nazorat uskunalari bilan jihozlash koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, loyiha chegara nazorat punktlarining moddiy-texnik bazasini yangilashni va soha mutaxassislarining malakasini oshirishni oʻz ichiga oladi.
Ushbu qadamlar laboratoriya tadqiqotlarining aniqligi va tezkorligini oshirish, shuningdek, fitosanitariya nazorati samaradorligini kuchaytirish imkonini berishi kutilmoqda. Uchrashuv davomida ishtirokchilar erishilgan natijalar, ishlarning joriy borishi va loyihani amalga oshirish boʻyicha keyingi rejalarni muhokama qildilar.
Oziq-ovqat xavfsizligi, veterinariya va fitosanitariya sohalarida hamkorlikni kengaytirishga, shuningdek, qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirishda xalqaro tajribani qoʻllashga alohida eʼtibor qaratildi.
KOICA bilan hamkorlik doirasida Oʻzbekiston vakillari 2026 yilning 12-23 oktyabr kunlari Koreya Respublikasida oʻtkazilgan xalqaro oʻquv dasturida ishtirok etdilar. Ular oʻsimliklar karantini tizimini takomillashtirish yondoshuvlarini, fitosanitariya nazoratining zamonaviy usullarini va olingan bilimlarni amaliyotda qoʻllash imkoniyatlarini oʻrgandilar.
Hamkorlik oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini oshirishga, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining eksport salohiyatini mustahkamlashga va xalqaro savdo talablariga muvofiqligini taʼminlashga qaratilgan. U, shuningdek, soha mutaxassislarining kasbiy kompetentsiyalarini rivojlantirishni nazarda tutadi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar hamkorlikni davom ettirish, rejalashtirilgan tadbirlarni samarali amalga oshirish va qoʻshma loyihalar doirasidagi ishlarni jadallashtirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladilar.

