Oʻzbekiston va Gruziya turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi
17-avgust kuni Samarqandda ikki mamlakat sayyohlik kompaniyalari ishtirokida Oʻzbekiston-Gruziya biznes-forumi boʻlib oʻtadi.

Oʻzbekiston va Gruziya turizm sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorgarlik koʻrmoqda.
17-avgust kuni Samarqandda turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga bagʻishlangan Birinchi Oʻzbekiston-Gruziya biznes forumi boʻlib oʻtadi. Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, forumda oʻndan ortiq yetakchi Gruziya turizm kompaniyalari ishtirok etib, Oʻzbekiston turizm sohasi vakillari bilan muzokaralar olib boradilar.
Forumdan oldin 15-avgust kuni Toshkentda, Turizm qoʻmitasi binosida ikki mamlakat turizm sohasi vakillari oʻrtasida ikki tomonlama B2B uchrashuvlar boʻlib oʻtadi.
Ushbu uchrashuvlar davomida ishtirokchilar tajriba almashadilar va yangi turistik yoʻnalishlarni yaratish, sayyohlar oqimini koʻpaytirish va Oʻzbekiston va Gruziya kompaniyalari oʻrtasidagi biznes aloqalarini mustahkamlash istiqbollarini muhokama qiladilar.
Biznes forum ikki mamlakat oʻrtasidagi turizm hamkorligini yanada rivojlantirishga turtki berishi va turizm sohasida yangi loyihalar uchun imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.

