Oʻzbekiston va Germaniya tovar aylanmasini 2 mlrd dollarga yetkazmoqchi
Oʻzbekiston Investitsiyalar vazirligi va Germaniya elchisi Mattias Follert investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi hamda ikki tomonlama tadbirlarni tayyorlash masalalarini muhokama qildilar.

Oʻzbekiston va Germaniya oʻzaro tovar aylanmasini 1,4 milliard dollardan 2 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu masala Oʻzbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Germaniya elchisi Mattias Follert bilan oʻtkazilgan uchrashuvda koʻtarildi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni mustahkamlash, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar. Yetakchi Germaniya kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Hozirda Oʻzbekistonda Germaniya kapitali ishtirokidagi 253 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qoʻmitasi delegatsiyasining Oʻzbekistonga kutilayotgan tashrifiga tayyorgarlik koʻrish masalasiga ham toʻxtalib oʻtdilar. Berlinda oʻtkazilishi rejalashtirilgan Savdo va investitsiyalar boʻyicha Hukumatlararo ishchi guruhning 18-yigʻilishini oʻtkazish yana bir mavzu boʻldi.
Muzokaralar yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish va ikki mamlakat oʻrtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.

