Oʻzbekiston uran ishlab chiqarishni ikki baravarga oshirishni va kritik metallar ishlab chiqarishni $2,7 mlrdga yetkazishni rejalashtirmoqda
Oʻzbekistonda 2030 yilga kelib uran ishlab chiqarishni 7500 tonnadan 15 ming tonnagacha, qidirib topilgan zaxiralarni esa 200 ming tonnagacha oshirish rejalashtirilmoqda. Prezident geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, yangi quvvatlarni ishga tushirish va ishlab chiqarishda oltingugurt kislotasidan foydalanishni kamaytirishni topshirdi.

Oʻzbekiston uran qazib olishni ikki baravarga oshirish va kritik metallar ishlab chiqarishni 2,7 mlrd dollarga yetkazishni maqsad qilgan
Oʻzbekistonda uran ishlab chiqarishni koʻpaytirish hamda kritik minerallar va metallar chiqarishni kengaytirish rejalashtirilmoqda. Ushbu rejalar 5 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga «Navoiyuran» va «Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati» korxonalari loyihalari taqdimotida taqdim etildi.
Uchrashuvda keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, dunyoda kritik minerallarga boʻlgan talab har yili taxminan 10% ga ortmoqda, anʼanaviy metallarga boʻlgan talab esa oʻrtacha 1% ga oʻsmoqda.
Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) hozirda beshta metaldan — volfram, molibden, selen, tellur va reniydan mahsulot ishlab chiqarmoqda. Prezident yana 11 turdagi mahsulotni oʻzlashtirishni topshirdi. Ular orasida nikel, kobalt, grafit, surma, qalay, marganets, platina, vanadiy, simob va mis tilga olingan.
2030 yilga kelib 16 turdagi kritik xomashyo ishlab chiqarish qiymati 2,7 mlrd dollardan oshishi kerak.
2026 yil yakuniga qadar kombinat 12 ta investitsiya loyihasini ishga tushirishni, mahalliy ishlab chiqarish mahsulotlari turlarini kengaytirishni hamda yuqori soflikdagi selen va tellur chiqarishni koʻpaytirishni maqsad qilgan.
Alohida yoʻnalish volframni qayta ishlash boʻladi. Tegishli loyihalarga 1,1 mlrd dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilmoqda, bu orqali 2030 yilga borib ishlab chiqariladigan mahsulotlar qiymatini deyarli 2,2 mlrd dollarga yetkazish koʻzda tutilgan.
Buning uchun yangi konlarni oʻzlashtirish, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish va xomashyoni qayta ishlashning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish ham moʻljallanmoqda.
Taqdimotda «Navoiyuran» davlat korxonasini rivojlantirish masalasi ham koʻrib chiqildi. Prezidentga taqdim etilgan baholashlarga koʻra, soʻnggi yillarda dunyoda uranga boʻlgan talab 15−20% ga oshgan, 2030 yilga kelib esa yana 28% ga ortishi mumkin.
2026 yilda korxona geologiya-qidiruv va burgʻilash ishlarini kengaytirishni, eritmalardan uran ajratib olish boʻyicha qoʻshimcha qurilmalarni ishga tushirishni va 250 ta yangi ish oʻrni yaratishni rejalashtirmoqda.
Alohida tartibda ishlab chiqarishni kimyoviy reagentlar, jumladan, texnik oltingugurt, oltingugurt va azot kislotalari bilan taʼminlash muhokama qilindi. Prezident oltingugurt kislotasidan foydalanishni kamaytirish imkonini beruvchi texnologiyalarni faolroq joriy etishni topshirdi. 2030 yilga borib muqobil reagentlar ulushini 40% ga yetkazish koʻzda tutilgan.
Natijada uran ishlab chiqarishni 2026 yildagi 7,5 ming tonnadan 2030 yilda 15 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bir vaqtning oʻzida qidirib topilgan zaxiralarni 200 ming tonnaga yetkazish moʻljallanmoqda.
2026 yil iyun oyida prezident kritik minerallar ishlab chiqarishni rivojlantirish rejalarini koʻrib chiqqan edi. Oʻshanda 2026−2030 yillarda umumiy qiymati 4,2 mlrd dollarlik 120 ta loyihani amalga oshirish niyati haqida xabar berilgandi. Ustuvor yoʻnalishlar sifatida volfram va molibdenni qayta ishlash, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini qurish, Chirchiqda «Kelajak metallari» texnoparkini rivojlantirish va kritik minerallarni oʻrganish boʻyicha tadqiqot laboratoriyasini tashkil etish aytib oʻtilgan edi.
Bundan tashqari, mart oyidayoq kon-metallurgiya sanoatini rivojlantirish boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda 2030 yilga borib uran qazib olishni 15 ming tonnaga yetkazish vazifasi qoʻyilgan edi.

