Dunyo

Oʻzbekiston TIV Ar-Riyoddagi aeroportga qilingan hujumni qoraladi

Oʻzbekiston TIV husiychilarning Saudiya Arabistoni poytaxtidagi xalqaro aeroportga yoʻllagan raketa zarbasini «qatʼiy qoraladi». Zarba oqibatida kamida 12 kishi halok boʻlib, 300 dan ortiq kishi jarohatlangan. «Tinch aholiga va fuqarolik infratuzilmasiga hujumlar xalqaro huquq normalarini jiddiy buzishdir va zudlik bilan toʻxtatilishi shart», – deyiladi bayonotda.

**Oʻzbekiston TIV Ar-Riyoddagi aeroportga uyushtirilgan hujumni qoraladi**

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ar-Riyod shahridagi podshoh Xolid nomidagi xalqaro aeroportga husiychilar tomonidan amalga oshirilgan, begunoh insonlar halok boʻlishi va tinch aholi vakillari jarohatlanishiga sabab boʻlgan dahshatli hujumdan chuqur qaygʻuda ekanini maʼlum qildi hamda ushbu hujumni keskin qoralab bayonot berdi.

Shanba kuni Saudiya Arabistonidagi xalqaro aeroportga berilgan raketa zarbasi oqibatida 12 kishi halok boʻlib, 310 kishi jarohat olgan. Oʻnlab yaradorlarning ahvoli ogʻir ekani aytilmoqda. Qurbonlar orasida Saudiyadan tashqari AQSH, Misr, Iordaniya, Falastin, Suriya va Sudan fuqarolari ham bor.

The New York Times nashri yozishicha, bu AQSH va Isroil Eronga qarshi urush boshlashidan keyingi davrda mintaqadagi arab davlatiga qilingan eng halokatli hujum boʻldi. Ikki kun oldin, 8-oktabrda ham ushbu aeroportga dron zarbasi oqibatida uch kishi, jumladan, Saudia aviakompaniyasi uchuvchisi halok boʻlib, bir necha kishi jarohat olgan, aeroport hududida turgan samolyot yonib ketgandi.

«Halok boʻlganlarning oila aʼzolari va yaqinlariga taʼziya bildiramiz, ushbu fojiali voqea oqibatida jabrlanganlarga chuqur hamdardlik izhor etamiz. Jarohat olganlarning tezroq va toʻliq sogʻayib ketishini tilaymiz. Shuningdek, Saudiya Arabistoni podshohligining suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligini qatʼiy qoʻllab-quvvatlashimizni yana bir bor tasdiqlaymiz.

Tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasi obyektlariga hujumlar xalqaro huquq normalarining jiddiy buzilishi hisoblanadi va bunday harakatlar zudlik bilan toʻxtatilishi shart. Tinch aholi hayotini himoya qilish va muhim infratuzilma obyektlari xavfsizligini taʼminlash soʻzsiz ustuvor vazifa boʻlib qolishi lozim», – deyiladi TIV bayonotida.

Vazirlik bunday hujumlarni «zudlik bilan toʻxtatishga» chaqirgan: «Barcha tomonlarni vazminlik koʻrsatishga, keskinlikning yanada avj olishiga yoʻl qoʻymaslikka, kelishmovchiliklarni xalqaro huquq normalari va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi tamoyillariga muvofiq, muloqot va diplomatik vositalar orqali hal etishga qatʼiy daʼvat etamiz».

«Oʻzbekiston Respublikasi birodar Saudiya Arabistoni podshohligi xalqi va Hukumati bilan birdamligini izhor etadi hamda mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi», deya qoʻshimcha qilgan Oʻzbekiston TIV.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.