Oʻzbekiston shaxmatchilari Olimpiadaning uchinchi turida 4 ta gʻalabaga erishdi
Shaxmat olimpiadasining 3-turi Oʻzbekiston jamoalari uchun toʻrtta gʻalaba va ikkita magʻlubiyat bilan yakunlandi. Asosiy termalar esa yuz foizlik natijani saqlab qoldi.

Oʻzbekiston shaxmatchilari Olimpiadaning uchinchi turida 4 ta gʻalabaga erishdi
Samarqandda Butunjahon shaxmat olimpiadasi davom etmoqda. 18-sentabr kuni uchinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Oʻzbekiston terma jamoalari to‘rtta g‘alaba qayd etib, ikki bor mag‘lub bo‘ldi.
Erkaklar bahsida Oʻzbekistonning asosiy jamoasi Avstriya termasini 3:1 hisobida yengdi.
Nodirbek Abdusattorov Kirill Alekseyenko bilan, Nodirbek Yoqubboyev esa Lukas Dotser bilan durang qayd etdi. Javohir Sindarov Feliks Bloxbergerni, Muhiddin Madaminov esa Konstantin Peyrerni mag‘lubiyatga uchratdi.
Musobaqa favoriti sanalayotgan AQSH terma jamoasi Daniyani 2,5:1,5 hisobida taslim etdi. G‘oliblikka da’vogarlardan biri bo‘lgan Hindiston terma jamoasi Italiyani 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Xitoy esa Bolgariyani 3,5:0,5 hisobida ortda qoldirdi.
Oʻzbekiston-2 jamoasi Germaniyaga 1,5:2,5 hisobida imkoniyatni boy berdi. Oʻzbekiston-3 esa Marokash shaxmatchilarini ishonchli tarzda 3,5:0,5 hisobida yengdi.
Ayollar bahsida ham Oʻzbekistonning asosiy terma jamoasi turnirni g‘alaba bilan davom ettirdi.
Oʻzbekiston-1 Indoneziyani 3:1 hisobida mag‘lub qildi. Afruza Hamdamova va Gulruxbegim Tohirjonova o‘z partiyalarini durang bilan yakunlagan bo‘lsa, Umida Omonova hamda Nilufar Imomqo‘ziyeva raqiblarini yengdi.
Ikkinchi ayollar terma jamoasi Ispaniyaga 1:3 hisobida yutqazdi. Oʻzbekiston-3 esa Saudiya Arabistoni ustidan 4:0 hisobida yirik g‘alabaga erishdi.
Eslatib o‘tamiz, Oʻzbekiston musobaqa mezboni sifatida erkaklar va ayollar turnirida uchtadan jamoa bilan qatnashmoqda.
4-tur bahslari 19-sentabr kuni o‘tkaziladi.
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi Samarqandda 27-sentabrgacha davom etadi.

