Oʻzbekiston shakar importini rekord darajada oshirdi

Oʻzbekiston 2026-yilning yanvar-iyul oylari oraligʻida yarim million tonnadan ziyod shakar import qilib, bu borada rekord koʻrsatkichga erishdi. Bu miqdor avvalgi yillardagi butun bir yillik import hajmlariga teng keladi.
Bojxona qoʻmitasining maʼlumotlariga koʻra, yetti oy ichida xorijdan jami 348,1 million dollarlik 505,4 ming tonna shakar sotib olingan. Har bir tonna mahsulotning import narxi oʻrtacha 688 dollarni tashkil etgan.
Taqqoslash uchun, 2025-yilning xuddi shu davrida 116 million dollarga 187,2 ming tonna shakar import qilingan edi. Oʻsha paytda shakarning bir tonnasi oʻrtacha 619 dollardan tushgan. Bu shuni anglatadiki, narx bir yil avvalgiga nisbatan 11 foizga qimmatlashgan.
Joriy yilning dastlabki yetti oyida shakar importi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2,7 baravarga oshgan. Bu koʻrsatkich deyarli butun 2025-yil davomida chetdan olib kelingan shakar miqdoriga (516 ming tonna) yaqinlashgan. 2024-yilda esa jami 275,2 ming tonna shakar import qilingan edi.
Oʻtgan yetti oy davomida eng koʻp shakar iyul oyida import qilingan – 99,2 ming tonna. Eng kam koʻrsatkich esa yanvar oyida qayd etilgan – 51,5 ming tonna. Qolgan oylarda quyidagi miqdorlarda shakar import qilingan:
* fevral — 60 ming tonna;
* mart — 70,9 ming tonna;
* aprel — 80 ming tonna;
* may — 68,5 ming tonna;
* iyun — 75,3 ming tonna.
Statistika qoʻmitasi Oʻzbekistonda shakar narxi 2026-yil iyulida bir yil avvalgiga nisbatan 6,3 foizga arzonlashganini maʼlum qilgan edi.

