Siyosat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvidagi nutqi

Prezident oʻz nutqida savdo-iqtisodiy hamkorlik, sanoat kooperatsiyasi, transport, energetika, suv resurslari va raqamli texnologiyalar sohalaridagi ustuvor vazifalarga toʻxtalib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat boshliqlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvidagi nutqi

Hurmatli Serdar Gurbanguliyevich!

Hurmatli hamkasblar!

Turkmaniston Prezidenti, hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovga samimiy qabul va uchrashuvimiz yuqori darajada tashkil etilgani uchun bildirilgan minnatdorlik soʻzlariga qoʻshilaman.

Biz yana Kaspiy sohilida, Avazada toʻplandik.

Va bugungi uchrashuv alohida ahamiyatga ega, chunki u ilk bor birodar Ozarbayjon ishtirokida oʻtmoqda.

Turkmanistonning raisligini alohida qayd etishni istardim.

Ushbu yil davomida biz mintaqaviy hamkorlikda sezilarli darajada oldinga siljishga va koʻplab muhim masalalar boʻyicha aniq kelishuvlarga erishishga muvaffaq boʻldik.

Koʻp yillar davomida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlashga ulkan shaxsiy hissa qoʻshib kelayotgan turkman xalqining Milliy Yetakchisi, hurmatli Gurbanguli Malikguliyevich Berdimuhamedovga alohida minnatdorlik bildiraman.

Hurmatli delegatsiya rahbarlari!

Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo sezilarli darajada oʻzgardi. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar muhitining oʻzi ham oʻzgardi.

Biz tez-tez uchrashadigan, masalalarni ochiq muhokama qiladigan, yechimlar topadigan va bir-birimizni qoʻllab-quvvatlaydigan boʻldik.

Bunda bizning Maslahat uchrashuvlarimiz katta rol oʻynadi.

Ushbu formatni tashkil etar ekanmiz, biz oddiy bir haqiqatdan kelib chiqqan edik: Markaziy Osiyoning farovonligi va xavfsizligi bevosita davlatlarimiz oʻrtasidagi ishonchga bogʻliq.

XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish yoʻlidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomani imzolash tartib-taomillarining yakunlanishi tarixiy voqea boʻldi.

Shu bilan birga, biz murakkab va ogʻir tuzilmalarni yaratishga intilmayapmiz.

Bizga kuchli, suveren va mustaqil davlatlar oʻzaro hurmat, ishonch va pragmatizm asosida hamkorlik qiladigan moslashuvchan va tushunarli format zarur.

Aynan shunday yondashuv allaqachon oʻz natijasini berdi.

Mintaqa xalqaro maydonda ancha ishonchli va sezilarli darajada namoyon boʻlmoqda.

Bundan «Markaziy Osiyo plyus» formatlariga boʻlgan qiziqishning ortib borayotgani, shuningdek, tashqi sheriklarimiz doirasining izchil kengayib borayotgani ham dalolat beradi.

Hurmatli hamkasblar!

Bizning yaqinlashuvimiz murakkab davrda yuz bermoqda.

Dunyo shiddat bilan oʻzgarmoqda, keskinlik kuchaymoqda, savdo va transport aloqalari qayta shakllanmoqda, yangi xavf-xatarlar paydo boʻlmoqda.

Bunday vaziyatda harakatlarimizni yanada jipsroq muvofiqlashtirish alohida ahamiyat kasb etadi.

Kelgusidagi birgalikdagi ishlar uchun alohida muhim deb hisoblaydigan bir nechta yoʻnalishni belgilab oʻtmoqchiman.

Birinchi.

Biz Markaziy Osiyo va qoʻshni mintaqalar oʻrtasidagi hamkorlikning navbatdagi bosqichini belgilab olishimiz zarur.

Mohiyatan, biz yoʻlga qoʻyilgan tarixiy, iqtisodiy va transport aloqalariga ega yagona hamkorlik makonini barpo etishimiz mumkin.

Bugun ularni sezilarli darajada mustahkamlash va aniq mazmun bilan toʻldirish imkoniyati paydo boʻlmoqda.

Gap mamlakatlarimiz birgalikda savdo, transport, energetika, sanoat va yangi texnologiyalarni rivojlantirishi mumkin boʻlgan katta makon haqida bormoqda.

Ushbu masalalarni kelgusi yili Toshkentda oʻtkazadigan «Tinchlik va barqaror oʻzaro bogʻliqlik yoʻlida mintaqalararo muloqot: Markaziy Osiyo yondashuvi» xalqaro konferentsiyasida batafsil muhokama qilishni taklif etamiz.

Ikkinchi.

Mintaqaviy muloqotimiz asosini tashkil etuvchi poydevorni mustahkamlash zarur.

Markaziy Osiyo davlat boshliqlarining Maslahat uchrashuvlari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish ustidagi ishlarni davom ettirishni taklif qilamiz.

Shu bilan birga, hujjatlarning soni oʻz-oʻzidan hech narsani hal qilmaydi.

Qabul qilingan qarorlarning bajarilishi va biz ularni qabul qilishdan koʻzlagan natijalarni berishi ancha muhimroqdir.

Uchinchi.

Iqtisodiy hamkorlik yangi bosqichga chiqishi kerak.

Biz oʻzaro savdo va investitsiyalarni koʻpaytirish boʻyicha oʻz oldimizga jiddiy maqsadlarni qoʻydik. Endi ushbu oʻsish nimaning hisobiga taʼminlanishini belgilab olishimiz zarur.

Birinchi navbatda, gap yirik loyihalarni tezroq ishga tushirish imkonini beruvchi qoʻshma sanoat va texnologik zanjirlar, umumiy raqamli servislar va investitsiya mexanizmlari haqida bormoqda.

Bu borada 2035 yilgacha boʻlgan davrda Savdo-iqtisodiy hamkorlikning keng qamrovli mintaqaviy dasturiga muhim rol ajratiladi. U mintaqaning asosiy ustuvorligi — umumiy geografiyamizdan foydalanishga yordam beradigan amaliy vositaga aylanishi lozim.

Buning uchun savdodagi toʻsiqlarni izchil bartaraf etish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va koʻproq qoʻshma loyihalarni ishga tushirish zarur. Biz oddiy oʻzaro savdoning oʻzi yetarli boʻlmagan bosqichga yetib keldik. Birgalikda tayyor mahsulot yaratishimiz kerak.

«Oltita iqtisodiyot – bitta mahsulot» degan loʻnda formula biz intilishimiz kerak boʻlgan maqsadning mohiyatini yaqqol ifodalaydi.

Bir nechta mamlakat korxonalari yagona ishlab chiqarish zanjirida ishtirok etganda, mahsulot birgalikda yaratilganda, iqtisodiyotlarimiz oʻrtasida mutlaqo boshqacha aloqalar paydo boʻladi. Ular oddiy tovar ayirboshlashdan koʻra ancha mustahkamroqdir.

Ushbu yoʻnalishni rivojlantirish uchun 2027 yilda qadimiy Xiva shahrida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon biznes-forumini oʻtkazishni taklif qilamiz.

Shu bilan birga, qoʻshma investitsiya loyihalarini moliyaviy-texnik kuzatib borish boʻyicha maxsus Platforma yaratishni muhim deb hisoblayman.

Yirik gʻoyalar nafaqat investitsiyalarni, balki jiddiy tayyorgarlik, ekspertiza, tushunarli moliyaviy vositalar va kuzatuvni ham talab qiladi.

Savdo va investitsiyalar vazirlari kengashiga Ashxoboddagi navbatdagi yigʻilishda ushbu masalani batafsil koʻrib chiqishni topshirishni taklif qilaman.

Toʻrtinchi.

Mamlakatlarimizni zamonaviy transport va logistika tarmogʻi bilan bogʻlashimiz zarur.

Biz global savdoning asosiy quruqlikdagi yoʻnalishlaridan biriga va shu bilan birga, iqtisodiy faollikning yirik markaziga aylanishimiz mumkin. Ammo buning uchun faqatgina avtomobil va temir yoʻllar qurishning oʻzi kifoya qilmaydi.

Transport infratuzilmasini rivojlantirishning umumiy logikasi zarur.

Yoʻnalishlar bir-birini davom ettirishi va yagona tizim sifatida ishlashi uchun yirik loyihalarni oʻzaro muvofiqlashtirish kerak.

Yangi transport yoʻlaklari boʻylab ishlab chiqarishlar, logistika va servis obʼyektlari, industrial zonalar barpo etilishi lozim.

Shunda transport yoʻnalishi oʻz atrofida iqtisodiyotni yaratadi va u oʻtadigan har bir davlat uchun ancha katta samara beradi.

Muvofiqlashtirishni taʼminlash uchun Infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha kengash tuzishni tezlashtirishni taklif etamiz. Kengashning birinchi yigʻilishini Oʻzbekistonda oʻtkazishga tayyormiz.

Umumiy kun tartibida energetika alohida oʻrin tutadi.

Mintaqamiz turli resurslarga ega. Uglevodorodlarning sezilarli zaxiralari va gidroenergetika, quyosh va shamol generatsiyasining katta salohiyati mavjud.

Aynan mana shu xilma-xillik mamlakatlarimizga bir-birini toʻldirish imkonini beradi.

Undan oqilona foydalanish va mintaqa energetikasini rivojlantirishni majmuaviy tarzda koʻrib chiqish zarur.

Bunda «yashil» energetika tobora katta rol oʻynaydi.

Past uglerodli energetika salohiyatining qoʻshma kontseptsiyasini tayyorlashni taklif qilamiz. U yangi generatsiya quvvatlarini qurish, zamonaviy energiya saqlash tizimlarini rivojlantirish va yangi energiya yoʻlaklarini yaratishni yaxshiroq muvofiqlashtirish imkonini beradi.

Birgalikda qaror qabul qilishni talab etadigan yana bir yoʻnalish — bu suv va iqlim oʻzgarishidir.

Suv resurslari taqchilligi Markaziy Osiyo rivojlanishi uchun tobora jiddiy cheklovga aylanib bormoqda. Iqlim oʻzgarmoqda, aholi soni ortmoqda, qishloq xoʻjaligi va infratuzilmaga tushadigan yuklama koʻpaymoqda.

Shu bolatdan, bizda qancha suv borligi va undan qanday foydalanilayotganini aniqroq tushunishimiz zarur.

Zamonaviy raqamli monitoring tizimlari, irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish va suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish kerak.

Bugungi kunda suvning katta miqdorda yoʻqotilishi mintaqamizga juda qimmatga tushmoqda.

Aynan shu bois Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish boʻyicha Amaliy harakatlar oʻn yilligi toʻgʻrisidagi umumiy tashabbusimizni toʻliq hajmda amalga oshirish muhimdir.

Kelgusi yildan boshlab Oʻzbekiston Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasiga raislikni qabul qiladi.

Biz ushbu missiyani katta masʼuliyat deb bilamiz.

Raislik davrida Jamgʻarma faoliyatini yanada samarali qilish, yangi ekologik loyihalarni ishga tushirish va qoʻshimcha moliyalashtirishni jalb etishni niyat qilganmiz.

Suv resurslaridan foydalanish masalalari boʻyicha Afgʻoniston bilan muloqotga alohida eʼtibor qaratish zarur. Ushbu muloqot mintaqadagi barcha mamlakatlar manfaatlarini albatta hisobga olgan holda, doimiy va tizimli boʻlishi lozim.

Shaharlarimizning eng koʻzga tashlanadigan muammolaridan biri havoning ifloslanishi boʻlib bormoqda.

Yaqinda Oʻzbekiston «Markaziy Osiyoning toza havosi» xalqaro konsortsiumini tashkil etishni taklif qildi. Uning faoliyatini aniq qoʻshma loyihadan: mamlakatlarimizning sanoat zonalari, agroklasterlari va transport uzellarini ekologik modernizatsiya qilish boʻyicha pilot Dasturidan boshlash mumkin. Bu muammoni muhokama qilishdan atrof-muhitga yuklama ayniqsa yuqori boʻlgan joylarda amaliy ishlarga oʻtish imkonini beradi.

Ahamiyati shiddat bilan ortib borayotgan yana bir mavzu — bu kritik minerallardir.

Mamlakatlarimiz zamonaviy sanoat, energetika va yangi texnologiyalar uchun zarur boʻlgan xomashyoning sezilarli zaxiralariga ega.

Bu borada biz hamjihatlikda harakat qilishimiz muhim.

Oʻzbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan Kritik minerallar boʻyicha mintaqaviy alyansni yaratish ishlarini faollashtirishni taklif etamiz.

Ilk qadamlardan biri Markaziy Osiyoning kritik minerallar zaxiralarining yagona raqamli xaritasi boʻlishi mumkin.

Bunday resurs mintaqa salohiyati haqida toʻliqroq tasavvur beradi va xalqaro investorlarga mamlakatlarimiz ushbu yoʻnalishni birgalikda rivojlantirishga tayyor ekanini koʻrsatadi.

Navbatdagi yirik masalalar bloki texnologik rivojlanish bilan bogʻliq.

Sunʼiy intellekt va katta maʼlumotlar bilan ishlash allaqachon sanoat, transport, energetika, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va davlat boshqaruvini oʻzgartirmoqda.

Iqtisodiyotlarimizning mahsuldorligi va ularning kelajakda raqobatlasha olish qobiliyati koʻp jihatdan ushbu texnologiyalarga bogʻliq boʻladi.

Shu bilan birga, raqamli loyihalar koʻpincha yirik infratuzilma qurilishiga qaraganda tezroq natija berish imkonini beradi.

Shu bois, mamlakatlarimiz imkoniyatlarini birlashtirishni va Umumiy hisoblash infratuzilmasini yaratishni boshlashni taklif qilamiz. Milliy data-markazlarning oʻzaro bogʻliq tarmogʻi uning asosi boʻlishi mumkin. Bu hisoblash quvvatlaridan samaraliroq foydalanish, xususiy raqamli mahsulotlarni rivojlantirish va sunʼiy intellekt sohasidagi yirik loyihalar uchun sharoitlar yaratish imkonini beradi.

Biroq faqat infratuzilmaning oʻzi yetarli emas. Bizga mutaxassislar, ilmiy tadqiqotlar va kuchli texnologik kompaniyalar kerak.

Shu bois, soha kadrlarini tayyorlash boʻyicha qoʻshma dasturlarni ishga tushirishni, ilmiy loyihalarni qoʻllab-quvvatlashni va texnologik tadbirkorlik uchun koʻproq imkoniyatlar yaratishni taklif etamiz.

Va nihoyat, mintaqamiz kelajagi uchun eng muhim masalalardan biri — bu odamlardir.

Mamlakatlarimiz katta demografik salohiyatga ega.

Aholi soni oʻsmoqda, yoshlar koʻpaymoqda va mintaqa iqtisodiyoti oʻn, yigirma, oʻttiz yildan keyin qanday boʻlishi koʻp jihatdan aynan ularning taʼlimi va kasbiy tayyorgarligi sifatiga bogʻliq boʻladi.

Shu bois, taʼlim va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamkorligimizda alohida oʻrin tutishi lozim.

Ertaga iqtisodiyotlarimizga qanday mutaxassislar kerak boʻlishini yaxshi tushunishimiz zarur.

Buning uchun Istiqbolli kasblar va kompetentsiyalar mintaqaviy atlasini ishlab chiqishni taklif etamiz.

Unda mamlakatlarimizning bugunning oʻzidayoq mutaxassislar taqchilligi sezilayotgan va yaqin yillarda talab ortib boradigan yoʻnalishlar boʻyicha prognozlarini birlashtirish mumkin. Bu universitetlar va kasb-hunar taʼlimi muassasalariga iqtisodiyotning real ehtiyojlarini oldindan hisobga olish imkonini beradi.

Istiqbolda biz mintaqaning bir nechta mamlakatlarida bir vaqtning oʻzida amalga oshirilayotgan aniq yirik loyihalar uchun ham kadrlar tayyorlashimiz mumkin boʻladi.

Shu tariqa taʼlim sanoat, transport, energetika, raqamli texnologiyalar va boshqa sohalar rivoji bilan bevosita bogʻlanadi.

Hurmatli davlat rahbarlari!

Soʻnggi yillarda biz koʻp narsaga erishishga muvaffaq boʻldik. Endi ushbu oʻzgarishlarni mustahkamlash va hamkorligimizni oʻnlab yillar oldinga barqaror qilish muhimdir.

Formula oddiy: taraqqiyot va xavfsizlik yoʻlida — birdamlik va ishonch.

Biz keyingi avlodlarga qanday mintaqani qoldirishimiz uchun masʼulmiz. U tinch, xavfsiz, iqtisodiy jihatdan kuchli boʻlishi va odamlarga munosib yashash, ishlash, oʻqish va farzandlarni tarbiyalash imkoniyatini berishi lozim.

Ozarbayjonni Maslahat uchrashuvida raislikni qabul qilgani bilan tabriklaymiz.

Ozarbayjon tomoni rahbarligida formatimiz doirasidagi ishlar qoʻshimcha surʼat olishiga, birodarlik hamkorligi esa birlik, ishonch va birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonamiz.

Soʻzimning yakunida, hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovga samimiy qabul va mehmondoʻst turkman zaminida uchrashuvimiz yuqori darajada tashkil etilgani uchun yana bir bor chin dildan minnatdorlik bildiraman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.