Oʻzbekiston qurilish kompaniyalarining umumiy soliq qarzdorligi 3,8 trln soʻmga yetdi
2026 yil 1 oktyabr holatiga koʻra, Oʻzbekistondagi 1 517 ta qurilish tashkilotida 100 mln soʻmdan ortiq soliq qarzdorligi qayd etilgan boʻlib, ularning umumiy summasi 3,8 trln soʻmni tashkil etadi. Soliq qoʻmitasi infografikasidan kelib chiqishicha, ushbu summaning deyarli yarmi — qariyb 1,8 trln soʻmi (47,4 foizi) 10 ta kompaniya hissasiga toʻgʻri keladi.

Oʻzbekiston qurilish kompaniyalarining umumiy soliq qarzdorligi 3,8 trln soʻmga yetdi.
Xududlar kesimida eng katta qarz miqdori Toshkent shahrida toʻplangan — 1 570,5 mlrd soʻm. Keyingi oʻrinlardan 377,7 mlrd soʻm bilan Andijon viloyati va 287,1 mlrd soʻm bilan Sirdaryo viloyati joy olgan.
Top-10 yirik qarzdorning beshtasi Toshkent shahrida, ikkitasi Sirdaryo viloyatida, bittadan kompaniya Andijon va Jizzax viloyatlarida roʻyxatdan oʻtgan. Yana bir kompaniya muayyan hududga bogʻlanmagan holda yirik soliq toʻlovchilar inspektsiyasida hisobda turadi.
Roʻyxatdagi eng yirik qarzdor Toshkent shahridagi «OBOD UMUMQURILISH BIZNES SERVIS» MCHJ boʻlib, uning qarzdorligi 752,2 mlrd soʻmni tashkil etadi. Ikkinchi oʻrinda — «KO`PRIQURILISH» AJ (358,6 mlrd soʻm, yirik soliq toʻlovchilar inspektsiyasi), uchinchi oʻrinda esa Sirdaryo viloyatidagi «KRISTAL GRAND MADAD QURILISH» MCHJ (177,5 mlrd soʻm) bormoqda.

