Oʻzbekiston kompaniyalari uchun Belarus birjasi savdolarida ishtirok etish soddalashtirildi

Oʻzbekiston kompaniyalari uchun Belarus birjasidagi savdolarda ishtirok etish soddalashtirildi
Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida (OʻzRTXB) akkreditatsiyadan oʻtgan Oʻzbekiston kompaniyalari Belarus universal tovar birjasi (BUTB) savdolarida zakalat puli kiritmasdan ishtirok etishlari mumkin boʻladi. Avvallari yangi mijozlardan birja bitimlari boʻyicha majburiyatlar bajarilishini taʼminlash uchun ushbu summani kiritish talab etilardi.
Bunday qaror Belarus va Oʻzbekiston oʻrtasida 2026–2030 yillarga moʻljallangan savdo-iqtisodiy va ijtimoiy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha yoʻl xaritasi doirasida qabul qilindi.
Endilikda OʻzRTXBda akkreditatsiyadan oʻtgan kompaniyalar Belarus savdolariga qoʻshimcha zakalat pulisiz chiqishlari mumkin. Zakalat ishtirokchilar tomonidan bitimlar boʻyicha majburiyatlar bajarilishini taʼminlash uchun kiritiladigan summa hisoblanadi.
OʻzRTXB saytida Belarus maydonchasida mavjud boʻlgan tovarlar, savdolar jadvali, kundalik kotirovkalar hamda sotib olish va sotish boʻyicha buyurtmalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan alohida boʻlim ham paydo boʻldi. Oʻzbekiston birjasi haqidagi maʼlumotlarga ega xuddi shunday boʻlim BUTB saytida ham yaratildi.
Ikki birja hamkorligi 2026 yil fevral oyida imzolangan strategik sheriklik toʻgʻrisidagi bitim bilan tartibga solinadi. Hujjat ikki mamlakat korxonalarining birja bozorlariga oʻzaro kirishini va maʼlumot almashishni nazarda tutadi.
Belarus tomoni maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston ushbu maydonchadagi birja tovar aylanmasi hajmi boʻyicha mamlakatlar orasida uchinchi oʻrinni egallab turibdi. Yanvar–sentyabr oylarida Oʻzbekiston kompaniyalari ishtirokidagi bitimlar summasi 2025 yilning shu davridagi koʻrsatkichning 129 foizini tashkil etdi.
Hozirda Belarus birjasida 307 ta Oʻzbekiston kompaniyasi akkreditatsiyadan oʻtgan — bu yil boshidagiga nisbatan 55 taga koʻp demakdir. Ulardan ikkitasi birja brokeri maqomiga ega.
Avvalroq Oʻzbekistondagi xorijiy investorlarga mamlakatda brokerlik hisobvaragʻi ochmasdan mahalliy kompaniyalarning aktsiya va obligatsiyalarini sotib olishga ruxsat berish rejalashtirilayotgani xabar qilingan edi.

