Oʻzbekiston Janubiy Koreya va Britaniya bilan qurilish sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi
Oʻzbekiston Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi JACE KOREA hamda Connected Places Catapult tashkilotlari bilan seysmik chidamli qurilish va BIM-texnologiyalarini joriy etish masalalari boʻyicha muzokaralar oʻtkazdi.

Oʻzbekiston Janubiy Koreya va Britaniya bilan qurilish sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi
Oʻzbekiston Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Janubiy Koreyaning JACE KOREA kompaniyasi hamda Britaniyaning Connected Places Catapult (CPC) tashkiloti vakillari bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish va qurilish sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish boʻyicha muzokaralar oʻtkazdi.
JACE KOREA delegatsiyasi bilan uchrashuvda tomonlar Oʻzbekistonda qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasidagi islohotlar, ijtimoiy infratuzilma obʼyektlarini seysmik loyihalashda Janubiy Koreya tajribasidan foydalanish, shuningdek, qoʻshma loyihalarning istiqbollarini muhokama qildilar.
Muzokaralar yakunida binolarni seysmik mustahkamlash sohasida tajriba almashish va davlat-xususiy sheriklik asosida investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Connected Places Catapult vakillari bilan alohida onlayn uchrashuv oʻtkazilib, u Oʻzbekistonda binolarni axborot modellashtirish (BIM) texnologiyalarini joriy etishga bagʻishlandi.
Muzokaralar Britaniyaning Xalqaro raqamli qurilish dasturi (Digital Construction International Programme, DCIP) doirasida boʻlib oʻtdi.
Ishtirokchilar BIM-texnologiyalarini joriy etishning hozirgi holati, xalqaro tajriba va milliy yoʻl xaritasini takomillashtirish imkoniyatlarini koʻrib chiqdilar.
Shuningdek, sohani raqamlashtirishning normativ-huquqiy va institutsional bazasini rivojlantirish, texnik standartlarni ishlab chiqish va davlat xaridlarida BIM’ni qoʻllash masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, tomonlar mutaxassislar malakasini oshirish va amaldagi axborot tizimlarini integratsiya qilish masalalariga toʻxtalib oʻtdilar.

