Oʻzbekiston Hindistondan goʻsht importini kengaytirishni va 50 ming gektar maydonda jut yetishtirishni rejalashtirmoqda
Hindistondan goʻsht importini kengaytirishda Oʻzbekiston kompaniyalari va mutaxassislari uni bevosita joyida tayyorlashda, jumladan, soʻyish va halol talablariga muvofiqligini nazorat qilishda ishtirok etadilar. Yetkazib berishni, shu jumladan, Turkiya hamkorlari va Mersin porti orqali rivojlantirish rejalashtirilgan.

Oʻzbekiston Hindistondan goʻsht importini oshirish va 50 ming gektarda jut yetishtirishni rejalashtirmoqda
Oʻzbekiston va Hindiston qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining Toshkentga tashrifi chogʻida bergan intervyusida maʼlum qildi.
Vazirning soʻzlariga koʻra, hamkorlikning asosiy yoʻnalishlaridan biri boʻlib hamon urugʻchilik qolmoqda. Oʻzbekistonda allaqachon Hindiston qishloq xoʻjaligi kompaniyalari faoliyat yuritmoqda, shuningdek, qishloq xoʻjaligi ekinlarining yangi navlari joriy etilmoqda.
«Ayniqsa [bu] shoʻrga chidamlilikka tegishli: hozir Xorazmda 12 ming gektar maydonda gʻoʻza navlarini sinovdan oʻtkazyapmiz. Shoʻrlangan yerlarda yetishtirish uchun yangi navlar olib kelindi. Bu bilan birga, biz Oʻzbekistonga sabzavot va yem-xashak ekinlarining yangi urugʻlarini transfer qildik», — dedi u.
Abdurahmonov Oʻzbekiston va Hindiston mutaxassislari qishloq xoʻjaligi ekinlarining yangi navlarini yaratish ustida ham birgalikda ishlayotganini taʼkidladi.
Yana bir yirik yoʻnalish goʻsht sanoatidagi hamkorlik boʻlmoqda. Qishloq xoʻjaligi vazirligi rahbarining soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston Hindistondan arzonroq goʻsht yetkazib berishni koʻpaytirishdan manfaatdor.
«Goʻsht, chorvachilik nuqtai nazaridan biz Hindistondan Oʻzbekistonga arzon goʻsht yetkazib berish boʻyicha katta ishlarni amalga oshiryapmiz. Hozirda qoʻshma korxonalar tashkil etilgan va Allana Group kompaniyasi bilan keyingi yillar uchun juda katta rejalarimiz bor. Ushbu tashrif davomida bir qator yangi kelishuvlarga erishildi», — dedi vazir.
U hamkorlik goʻsht importini ham, uni ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarni ham oʻz ichiga olishini qoʻshimcha qildi.
Abdurahmonov, shuningdek, keyingi yillarda ikki davlat oʻrtasidagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari aylanmasi uch barobardan ziyod oshganini maʼlum qildi.
«Bir tomondan, bizga goʻsht mahsulotlari kirib kelmoqda, ikkinchi tomondan, biz Hindistonga 30 dan ortiq turdagi mahsulotlarimizni eksport qilish ustida ishlayapmiz. Ruxsatnomalar, fitosanitariya ruxsatnomalari, litsenziyalar olindi. Hindiston bozori biz uchun ochiq, ayniqsa dukkakli ekinlar nuqtai nazaridan», — dedi u.
Vazirning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston Hindistonga mahsulotlarni toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazib berishga ham oʻtgan, vaholanki ilgari eksportning bir qismi uchinchi davlatlar orqali amalga oshirilar edi.
Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2026 yilning yanvar-iyun oylarida Oʻzbekiston 359,5 mln dollarga 72 ming tonna mol goʻshti import qilgan. Oʻtgan yilning shu davriga nisbatan yetkazib berish hajmi 6000 tonnaga yoki 9,1 foizga oshgan.
Eng yirik yetkazib beruvchi Hindiston boʻldi — 33,9 ming tonna yoki umumiy importning qariyb 47 foizi. Belarusdan 19,6 ming tonna, Qozogʻistondan — 10,6 ming tonna, Pokistondan — 4000 tonna olib kelingan. Boshqa davlatlar hissasiga yana 4000 tonna toʻgʻri kelgan.
Vazirdan Hindiston goʻshti importi kengaytirilganda uning halol talablariga muvofiqligi qanday taʼminlanishi haqida alohida soʻraldi.
«Albatta, bu masalada birinchi talab — halol sertifikatlarining mavjudligi. Ikkinchisi — oziq-ovqat sanoati korxonalarimiz goʻshtni oʻsha yerning oʻzida tayyorlab, keyin uning eksportini yoʻlga qoʻyishidir», — deb javob berdi Abdurahmonov.
Bu Oʻzbekistonlik mutaxassislar hayvonlarni soʻyish uchun Hindistonga borishini anglatadimi, degan aniqlashtiruvchi savolga vazir ijobiy javob berdi.
«Mutaxassislar borib, soʻyish ishlarini amalga oshiradilar. U yerda soʻyish, goʻsht sanoati sohasida korxonalar [boʻladi], shuning uchun qoʻshma korxonalar [tashkil etilmoqda]», — dedi u.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi rahbarining soʻzlariga koʻra, yana bir masala logistika boʻlib qolmoqda. Yetkazib berishni turkiyalik hamkorlar ishtirokida Mersin porti orqali rivojlantirish rejalashtirilgan.
«U yerda eng muhimi — xalqaro sertifikatlar, goʻshtning tozaligi, xavfsizligi va halol sertifikatidir. Biz korxonalarimiz u yerda ushbu goʻshtni tayyorlashi, keyin esa eksportni [tashkil etishi] boʻyicha kelishuvlarga erishdik», — dedi vazir.
Hamkorlikning yana bir yangi yoʻnalishi jut — tabiiy tola olish uchun ishlatiladigan texnik ekinni yetishtirish boʻladi.
Abdurahmonovning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonda ilgari kanop yetishtirish rivojlangan edi, biroq keyingi yillarda bu yoʻnalishga kamroq eʼtibor qaratildi. Hozirda Hindiston bilan birgalikda xuddi shu oilaga mansub jut yetishtirish boshlandi.
«Hozir qariyb 2000 gektarda jut yetishtiryapmiz. Sababi, biz qariyb 30 mln dollarlik tabiiy tola import qilamiz», — dedi vazir.
U tabiiy tolalardan paxta bilan birga yangi turdagi toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishda foydalanish mumkinligini taʼkidladi.
«Shu bois, jut boʻyicha ushbu tashrif doirasida juda katta yangi hamkorlikni boshlayapmiz. Dastlabki ishlar boshlandi, endi ularni kengaytiramiz. Keyingi yillarda kamida 50 ming gektar maydonga jut ekiladi», — dedi Abdurahmonov.
Taqqoslash uchun, uning soʻzlariga koʻra, Hindistonda ushbu ekin taxminan 1 mln gektar maydonda yetishtiriladi.
Oʻzbekiston, shuningdek, zira yetishtirish boʻyicha Hindiston tajribasini oʻrganmoqda. Bu yil Hindistondan 10 tonnadan ortiq ertapishar navlarning urugʻlari olib kelinib, mamlakatning turli hududlarida sinovdan oʻtkazildi.
«Qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya qilish doirasida hozir biz gʻoʻza qator oralariga zira ekayapmiz. Bu yildan boshlab bu juda katta amaliyotga aylandi. Zira urugʻlarini ham hozir Hindistondan [olyapmiz], chunki u yerda ertapishar, tez yetiladigan navlar bor», — dedi vazir.
Uning soʻzlariga koʻra, ekin gʻoʻza gullashi boshlanishidan oldin yetilishi kerak. Sinovlar butun respublika boʻylab Hindistonning Nath bio-genes kompaniyasi bilan hamkorlikda oʻtkazildi.

