Oʻzbekiston elchisi BAA prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Oʻzbekiston elchisi Umid Shodiyev Abu-Dabida BAA prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayyonga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Oʻzbekiston elchisi BAA prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Oʻzbekistonning BAAdagi elchisi Umid Shodiyev mamlakat prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonga ishonch yorliqlarini topshirdi. Marosim Abu-Dabidagi «Qasr Al-Vatan» rasmiy qarorgohida boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv chogʻida BAA prezidenti ikki tomonlama munosabatlarning bugungi darajasini ijobiy baholadi va Umid Shodiyevga diplomatik faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi. Tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sayyohlik sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratdilar.
Amirliklar tomoni Oʻzbekistonning yangi elchisi oʻz diplomatik missiyasini samarali bajarishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga tayyorligini bildirdi.
Bunga javoban Umid Shodiyev Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonga Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomi va hurmatini yetkazdi.
Elchi ikki mamlakat yetakchilarining siyosiy irodasi tufayli oliy darajadagi Oʻzbekiston-Amirliklar munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilganini taʼkidladi. U, shuningdek, Oʻzbekiston va BAA oʻrtasidagi strategik sheriklikni yanada kengaytirish uchun bor kuch-gʻayratini safarbar etishga tayyorligini maʼlum qildi.
Umid Shodiyev 2022–2025 yillarda Oʻzbekistonning BAAdagi elchixonasini boshqargan Abdulaziz Aqqulovning oʻrnini egalladi. 2025 yilning dekabr oyida Aqqulov Oʻzbekiston Turizm qoʻmitasi raisi etib tayinlangan edi.
Bundan avval BAA TIV 2026 yilning aprel oyida Umid Shodiyevning ishonch yorliqlari nusxalari qabul qilib olingani haqida xabar bergan edi. Oʻshanda Amirliklar tomoni Oʻzbekiston bilan munosabatlarni barcha yoʻnalishlarda rivojlantirishga tayyorligini ham qayd etgandi.

