Mahalliy

Oʻzbekiston E-9 vizasi boʻyicha ish joyini oʻzgartirish shartlarini oʻzgartirdi

Oʻzbekiston fuqarolariga Ye-9 vizasi boʻyicha Janubiy Koreyada ish beruvchini oʻzgartirish uchun Migratsiya agentligining roziligini olish talabi bekor qilindi.

Oʻzbekiston E-9 vizasi boʻyicha ishni oʻzgartirish shartlarini qayta koʻrib chiqdi

Koreya Respublikasida E-9 vizasi bilan ishlayotgan Oʻzbekiston fuqarolariga ish beruvchini oʻzgartirish uchun Migratsiya agentligi vakolatxonasining roziligini oldindan olish talab etilmaydi.

Tegishli normalar Janubiy Koreyaga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan fuqarolar bilan tuziladigan uch tomonlama shartnomadan chiqarib tashlandi.

Ilgari shartnomada ish joyini oʻzgartirishdan oldin Migratsiya agentligining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasi roziligini olish zarurligi belgilangan edi. Ushbu talabni buzganlik uchun jarima ham koʻzda tutilgan edi.

Migratsiya agentligi tushuntirishicha, ushbu qoidalar fuqarolarning noqonuniy maqomga oʻtib ketishining oldini olish, ular bilan doimiy aloqani saqlab turish va zarurat tugʻilganda ijtimoiy, huquqiy hamda moddiy yordam koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻlish maqsadida joriy etilgan edi.

Shartnoma shartlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi qaror Janubiy Koreyadagi ish beruvchilar va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan muzokaralar oʻtkazilgandan, shuningdek, fuqarolarning murojaatlari tahlil qilingandan soʻng qabul qilindi.

Endilikda fuqarolar ish beruvchini oʻzgartirishga ruxsat olish uchun Migratsiya agentligiga alohida murojaat qilishlari shart emas. Mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin ular Koreya Respublikasining amaldagi tartibi va qonunchiligiga muvofiq yangi ish beruvchi bilan mehnat munosabatlariga kirishishlari mumkin.

Shu bilan birga, uch tomonlama shartnomadagi oʻzgarishlar Koreya qonunchiligining E-9 vizasiga ega boʻlgan xodimlar uchun belgilangan talablarini bekor qilmaydi.

Xususan, mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin fuqaro bir oy muddat ichida belgilangan davlat tartibida ish qidiruvchi shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtishi kerak. Yangi ish joyini 90 kun ichida topish lozim. Agar ushbu muddat ichida ishga joylashish amalga oshmasa, fuqaro Koreya Respublikasi hududini tark etishi shart.

Mamlakatda noqonuniy boʻlish uchun jarima toʻgʻrisidagi qoida esa saqlanib qoldi.

Agar fuqaro belgilangan muddatda ishga joylashmasa va Janubiy Koreyani tark etmasa, u noqonuniy maqomga oʻtishi mumkin.

Mamlakat qonunchiligiga muvofiq, bunday shaxsga nisbatan jarima, deportatsiya va qayta kirishni taqiqlash choralari qoʻllanilishi mumkin.

Shartnoma shartlari oʻzgarishi munosabati bilan Migratsiya agentligi fuqarolarga ish beruvchini oʻzgartirishda Koreya Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartib va muddatlarga qatʼiy rioya qilishni tavsiya etadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.