«Oʻzbekiston — aviafotograflar hamjamiyatining yaxshi namunasidir». Birinchi Spotting festivali qanday oʻtdi
Centrum Air Oʻzbekiston va xorijdan aviafotograflarni jamlagan Spotting festivalini oʻtkazdi. Ular orasida JetPhotos va Flightradar24 servislari rahbarlari ham bor edi. JetPhotos vakili mahalliy spotterlar hamjamiyatini boshqalar uchun namuna deb atadi. U suratga olishga qoʻyilgan taqiqlar «hech kimga yordam bermasligini» taʼkidladi.

«Oʻzbekiston — aviafotograflar hamjamiyatining yaxshi namunasidir». Birinchi Spotting festivali qanday oʻtdi
Oʻzbekistonlik aviatsiya fotograf-spotterlari hamjihatlik va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash nuqtai nazaridan boshqa mamlakatlardagi hamkasblari uchun yaxshi namuna boʻlib xizmat qilmoqda. Bu haqda dunyodagi eng yirik aviatsiya fotobazasining katta skrineri va rahbarlaridan biri Saymon de Ruder maʼlum qildi.
Shu haftada niderlandiyalik ekspert Centrum Air aviakompaniyasi JetPhotos va [tekst linkom] bilan hamkorlikda tashkil etgan birinchi Spotting festivalida ishtirok etish uchun Toshkentga keldi.
Bir qator mamlakatlarda fotograflar oʻrtasida shiddatli raqobat mavjud: ular bir-birlari bilan samolyotlarning kelishi va qiziqarli havo kemalari haqidagi maʼlumotlarni baham koʻrishmaydi, shuningdek, fotosuratlarni birinchi boʻlib chop etishga harakat qilishadi, dedi de Ruder. Oʻzbekistonda esa vaziyat boshqacha.
«Menimcha, Oʻzbekiston aviafotograflar hamjamiyati qanday ishlashi kerakligiga yaxshi misoldir. Bu yerda uygʻunlik seziladi, spotterlar bir-biriga yordam berishadi, birgalikda suratga olishadi. Va biror bir noyob bort uchib kelganda, ular kadrni JetPhotos’ga birinchi boʻlib kim yuborishini kelishib olishadi. Bu hamjamiyat qanday ishlashining yaxshi namunasidir va menimcha, bu suratlar sifatida ham koʻrinib turibdi», — dedi u.
Oʻzbekiston spotterlar hamjamiyati oʻzining ahilgi va mehmondoʻstligi bilan ajralib turadi.
JetPhotos tashriflar statistikasida Oʻzbekiston dunyoda 62-oʻrinni egallaydi (birinchi oʻrinda — AQSh, ikkinchida — Buyuk Britaniya). Sentyabr oyida Oʻzbekistondan saytga 23 mingta tashrif qayd etilgan.
«Rostini aytsam, hayron qoldim: koʻprogʻini kutgandim. Oʻzbekiston bizning saytda ham, Flightradar xizmatlarida ham (u JetPhotos bazasidagi samolyotlar suratlaridan foydalanadi — tahr.) yanada sezilarli boʻlish salohiyatiga ega deb hisoblayman», — dedi Saymon de Ruder.
Uchrashuvda «Gazeta» vakili mamlakatdagi erish vaziyatga eʼtibor qaratdi: aviakompaniyalar oʻz samolyotlarining suratga olinishini olqishlaydilar, chunki bu targʻibot usullaridan biri hisoblanadi, biroq huquq-tartibot idoralari xodimlari haligacha fotograflarni, ularning orasida koʻplab voyaga yetmaganlar borligiga qaramay, toʻxtatib turishibdi.
Ularni boʻlimga olib borishadi, nima uchun samolyotlarni suratga olayotganini soʻrashadi, suratlarni oʻchirib tashlashni soʻrashadi, tushuntirish xatlarini talab qilishadi. Oxirgi bir hafta ichida kamida ikkita shunday holat yuz berdi va ikkalasida ham spotterlar orasida chet elliklar bor edi. Vaholanki, 2022 yildayoq hukumat aviaspottingga quyidagi taʼrif bilan ruxsat bergan edi:
«Oʻzbekistonning ijobiy imijini shakllantirish, turizm salohiyati va investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, milliy aeroportlar va aviakompaniyalarning xalqaro jamoatchilik oʻrtasida tanilishini taʼminlash maqsadida».
De Ruderning taʼkidlashicha, bugungi kunda vaziyat avvalgiga qaraganda yaxshiroq boʻlsa-da, bu kabi cheklovlar zarar keltiradi:
«Fuqarolik samolyotlarini suratga olishga qoʻyilgan taqiqlar hech kimga yordam bermaydi. Mamlakatingizga jadal kirib kelayotgan aviakompaniyalar sayyohlar va spotterlarni olib kelib, shu orqali iqtisodiyotni jonlantiradi».
De Ruder Toshkent aeroportidagi spotting maydonchasini muvaffaqiyatli joylashgan, ammo juda past deb baholadi — kadrga panjara tushib qoladi. Shu bilan birga, u dunyodagi koʻplab aeroportlarda bunday maydonchalar ham yoʻqligini va hokimiyat organlarining ushbu ommalashib borayotgan sevimli mashgʻulotga boʻlgan xayrixoh munosabatini saqlab qolish muhimligini eslatib oʻtdi.
«Aviakompaniya sifatida biz ham aeroportlar yaqinida suratga oladigan spotterlarga nisbatan yengilliklar berilsa, xursand boʻlardik, — deya qoʻshimcha qildi Centrum Air marketing boʻyicha direktor oʻrinbosari Nikolay Koshkaryov. — Shaxsan men butun postsovet hududidagi aeroportlarda Tsyurix, Jeneva, Myunxen va boshqa koʻplab shaharlardagi kabi terrasalar va spotting maydonchalari paydo boʻlishini orzu qilaman. Oʻylaymanki, sizu biz yana biroz kutishimiz kerak».
«Gazeta» bilan suhbatda de Ruder koʻplab xorijiy spotterlar kabi sovet aviatsiyasiga qiziqishini tan oldi. Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistondan kelgan spotterlar, masalan, ilgari bazada boʻlmagan Il-76 ni suratga olishganda, bunday kadrlar tez-tez saytning bosh sahifasiga chiqadi. Uning aytishicha, Oʻzbekiston aviakompaniyalarining yangi samolyotlarini spotterlar 90% hollarda darhol yaxshi suratga olishadi.
U Varshavaning yangi aeroportini qurishga boʻlgan yondashuv haqida gapirib berdi. Uning soʻzlariga koʻra, quyosh nuri va boshqa parametrlarni hisobga olgan holda fotograflar uchun samolyotlarni suratga olish qayerda qulay boʻlishini aniqlash maqsadida u va boshqa spotterlar loyiha muhokamasiga taklif qilingan. De Ruder boshqa aeroportlar ham bu misolga ergashishiga umid bildirdi.
Ilgari de Ruder spottingni unutilayotgan mashgʻulot deb hisoblardi, ammo endi u oʻz fikrini oʻzgartirdi. Uning oʻzi 2000-yillarning boshlaridan beri samolyotlarni suratga oladi: u ixcham kameralardan boshlagan va keyinchalik professional texnikaga oʻtgan. Uning soʻzlariga koʻra, 10–15 yil oldin uchish-deponlanish yoʻlagi yonidagi maydonchalarda asosan yoshi katta odamlar yigʻilar edi va bu unda xavotir uygʻotgan.
«Men Jeneva aeroportida yoshi 50 dan oshgan besh nafar sochlariga oq oralagan erkaklar orasida turardim. Ularni faqat eski McDonnell Douglas qiziqtirardi, yangi Dreamliner va A350 ularga baribir edi. Kameralar shunchaki yerda yotardi, hatto ularga teginishmasdi ham. Va men oʻylardim: bu mashgʻulot yoʻq boʻlib ketadi, 10 yildan keyin faqat „Drimlaynerlar“ qoladi — va hammasi tugaydi. Ammo bugun men spottingga koʻplab yoshlar kelganini koʻrayapman. U juda ommalashib ketdi va fotosuratlarni tekshirish uchun navbatimiz buni tasdiqlaydi», — dedi de Ruder.
Har kuni butun dunyodan 40 mingga yaqin aviatsiya fotosuratlari tekshiruvni kutmoqda, dedi u. Navbatda suratni kutishning oʻrtacha muddati 16 kunni tashkil etadi. Bu baʼzida spotterlarning eʼtirozlariga sabab boʻladi, ammo jamoatchilik asosida ishlaydigan 40 ga yaqin skrinerlar, ayniqsa yangi bortlar haqida gap ketganda, maʼlumotlarning aniqligini tezroq koʻrib chiqa olmaydi, tekshira olmaydi va fotosuratlarni tasdiqlay olmaydi.
Myunxenlik spotter Brayan Mendl-Lourens 2009 yildan beri spotting bilan shugʻullanadi. «Gazeta» bilan suhbatda u yoshlarning aviafotografiyaga kirib kelishi juda yaxshi ekanini aytdi. Shu bilan birga, uning fikricha, odamlar boshqalarning suratlarini qadrlamaganida hamjamiyat yoʻqotishlarga uchraydi.
«Men spotting bilan shugʻullanishni boshlaganimda, ijtimoiy tarmoqlar va ushbu „kimda nima bor“ degan narsa yoʻq edi. Koʻplab yoshlar kelayotganidan xursandman, bu juda yaxshi mashgʻulot. Ammo, menimcha, odamlar boshqa spotterlar tomonidan tasvirga olingan narsalarni qadrlamaganida hamma zavq buziladi. Siz hech qachon hamma narsani suratga ola olmasligingizni tushunishingiz kerak. Agar kimdadir alohida narsa boʻlsa — shunchaki u uchun xursand boʻling», — dedi Mendl-Lourens.
De Ruderning soʻzlariga koʻra, Flightradar24 rahbariyati bir necha yil oldin JetPhotos’ga koʻproq eʼtibor berish kerakligini tushundi, chunki uning ommaviyligi, shuningdek, ushbu sevimli mashgʻulotga boʻlgan qiziqish faqat oʻsib bormoqda. Endi asosiy vazifa — foydalanuvchilarning ortib borayotgan oqimini yengib oʻtish va shu bilan birga hamjamiyatning ahil ruhini saqlab qolishdir.
Spotting festivali ikki kun davom etdi va nazariy hamda amaliy qismlarni oʻzida mujassam etdi. Uchrashuvga Oʻzbekistonning turli viloyatlaridan, shuningdek, qoʻshni va olis mamlakatlardan spotterlar keldi.
Birinchi kuni taqdimotlar va norasmiy muhokamalar boʻlib oʻtgan boʻlsa, ikkinchi kuni ishtirokchilar Toshkent xalkaro aeroporti perronida oʻtkazishdi. Ularga Shvetsiyadan Flightradar24 hamasoschisi Mikael Mixal Robertsson qoʻshildi.
Jala quyib yoqqaniga qaramay, 20 dan ortiq fotograflar bir necha soat davomida havo kemalarining uchishi, qoʻnishi va yurishini suratga olishdi. Bundan tashqari, spotterlar uchinchi va boshqa kunlarda samolyotlarni suratga olish va shunchaki muloqot qilish uchun alohida guruhlarga yigʻilishdi.
Centrum Air vakili Nikolay Koshkaryov aviakompaniya oktyabr oyidan boshlab yumshoq loukoster modeliga oʻtganini va spotterlar hamjamiyati bilan yaqindan hamkorlik qilishga umid qilayotganini maʼlum qildi.
2029 yilga kelib Centrum Holding (My Freighter yuk aviakompaniyasini oʻz ichiga oladi) parkini 100 ta havo kemasiga yetkazishni rejalashtirmoqda. Hozirda xoldingda 26 ta samolyot, jumladan 16 ta yoʻlovchi va 10 ta yuk samolyoti mavjud. Yaqin orada zavoddan A320neo va A321neo samolyotlari yetkazib berilishi kutilmoqda, ularni, uning soʻzlariga koʻra, spotterlar suratga olishlari mumkin.
«Loukoster modeliga oʻtayotganimiz sababli, biz mikroinflyuyenserlar, blogerlar va spotterlar bilan ishlashning yangi bosqichini boshlamoqdamiz. Biz spotterlar hamjamiyati ham brend ambassadorlari jamoasiga qoʻshilishini xohlaymiz: yangi bortlarni, livreyalarni, birinchi reyslarni suratga olsin, oʻzlarining ijtimoiy tarmoqlarida biz bilan birga ular haqida gapirib bersin, kompaniyani va butun Oʻzbekiston aviatsiyasini qoʻllab-quvvatlasin», — dedi Koshkaryov.
Yangi bortlar anʼanaga koʻra suv arkasi bilan kutib olinadi.

