Sport

Oʻzbekiston - Argentina oʻyini Messi sabab bekor boʻldi - Kannavaro

Oʻzbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro va jamoa sardori Eldor Shomurodov Eronga qarshi oʻrtoqlik oʻyini oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etdi. Bahs 24-sentabr kuni Fargʻonadagi «Istiqlol» stadionida oʻtkaziladi.

Oʻzbekiston - Argentina oʻyini Messi sabab bekor boʻldi - Kannavaro

Kannavaro Eron bilan uchrashuv Oʻzbekiston milliy jamoasi uchun jiddiy sinov bo‘lishini qayd etdi.

«Jahon chempionatidan keyin yaxshi shakllangan jamoaga qarshi oʻrtoqlik bahsida oʻynaymiz. Shaxsan oʻzim OʻFA rahbariyatidan top jamoalardan biriga qarshi oʻynashimiz kerakligini soʻradim. Eronga ortiqcha taʼrif berish shart emas. U Osiyodagi eng yaxshi jamoalardan biri, tarkibida tajribali oʻyinchilar bor», - dedi Kannavaro.

Italiyalik mutaxassis Oʻzbekistonning Argentina milliy jamoasi bilan oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazishi yuzasidan muzokaralar boʻlganini tasdiqladi.

«Haqiqatan ham Argentina milliy jamoasi bilan muzokara oʻtkazdik. Ammo oʻyinga uch hafta qolganda Argentina futbol federatsiyasi Messining xayrlashuvi sabab ushbu bahsdan bosh tortdi. Toʻgʻri, Suriya milliy jamoasi Argentina kabi kuchli emas. Biz Argentina singari top jamoa izladik, ammo buning imkonini topa olmadik», - dedi murabbiy.

Kannavaro Jahon chempionatida qatnashgan, biroq hozirgi yigʻindan chetda qolgan futbolchilar milliy jamoaga qaytishi mumkinligini aytdi.

«Milliy jamoa eshiklari hamma uchun ochiq. Jahon chempionatidan keyin ayrim oʻyinchilar jarohat oldi. Baʼzilari jamoa topa olmadi, kimdadir pasayish kuzatildi. Lekin hammaning imkoniyatlarini yaxshi bilamiz. Bu yigʻinda boshqalarga imkoniyat berishga qaror qildik», - dedi u.

Kannavaro milliy jamoaga chaqirilgan «Bunyodkor»ning 16 yoshli futbolchisi Muhammad Hakimov haqida ham fikr bildirdi.

«Hakimovni Jahon chempionatidan oldin koʻrganman. Yosh boʻlishiga qaramay, qoʻrqmaydi va kuchli xarakterga ega. Bizning milliy jamoada yosh yoki keksa degan tushuncha yoʻq. Boʻlajak bahslarda unga ham maʼlum vaqt maydonga tushish imkoniyatini beramiz. Yosh futbolchida potensial va iqtidor boʻlsa, uni albatta yigʻinlarga jalb qilamiz. Katta yoshli futbolchilarga ham imkoniyat beramiz», - dedi murabbiy.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.