Oʻzbekiston AQSh bilan 7 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirdi

Oʻzbekiston AQSh bilan umumiy qiymati 35 milliard dollarlik kelishuvlardan hozirgacha 7 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirdi.
Bu haqda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qoʻdratov The Washington Times gazetasiga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Qoʻdratov allaqachon amalga oshirilgan 7 milliard dollarlik loyihalarga aynan qaysilar kirishiga aniqlik kiritmadi. Bundan avval tomonlar energetika, muhim foydali qazilmalar, transport, qishloq xoʻjaligi, IT va boshqa sohalardagi hamkorlik haqida bayonot bergan edi.
Noyabr oyida Oʻzbekiston va AQSh keng koʻlamli savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha kelishib oldilar. Yaqin oʻn yil ichida Oʻzbekiston Amerika iqtisodiyotiga 100 milliard dollardan ortiq mablagʻ yoʻnaltirishni rejalashtirmoqda.
Oʻshanda Donald Tramp oʻzining Truth Social ijtimoiy tarmogʻida yozganidek, birinchi bosqichda — uch yil davomida — Oʻzbekistonning AQSh iqtisodiyotiga kiritadigan investitsiyalari hajmi taxminan 35 milliard dollarni tashkil etadi.

