Oʻzbekiston Afgʻonistonga yuk tashish tariflarini oshiradi
Yangi tartib 7 noyabrdan kuchga kiradi. Qoʻshimcha yigʻimlardan toʻrtta toifadagi tovarlar ozod etiladi.

Oʻzbekiston Afgʻonistonga yuk tashish tariflarini oshiradi
«Oʻzbekiston temir yoʻllari» aktsiyadorlik jamiyati 2026 yil 7 noyabrdan boshlab Afgʻonistonga temir yoʻl orqali yuk tashish uchun qoʻshimcha yigʻimlar joriy etilishini maʼlum qildi.
Ushbu qaror ikki mamlakatning savdo va qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish borasidagi saʼy-harakatlari fonida qabul qilindi. Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, qoʻshimcha temir yoʻl yigʻimlari tarif kategoriyasiga qarab bir vagon uchun 800 ming soʻmdan 1,3 mln soʻmgacha ($67 dan $109 gacha)ni tashkil etadi.
Afgʻonistonlik tadbirkor Omid Haydariy tariflarning oshishi mamlakat ichki bozoridagi narxlarga taʼsir qilishi mumkin deb hisoblaydi.
«Vagonlarda yuk tashish qiymatining oshishi Afgʻoniston bozorlaridagi tovarlar narxining koʻtarilishiga olib kelishi mumkin. Oʻzbekiston Afgʻoniston xalqi va hukumati bilan turli sohalarda hamkorlik qilmoqda. Biz transport va tranzit yigʻimlarini ham kamaytirishni taklif qilamiz», — dedi Omid Haydariy.
Qoʻshimcha yigʻimlar Oʻzbekiston hududi orqali Afgʻonistonga tashilayotgan aksariyat tovarlar uchun amal qiladi. Shu bilan birga, bugʻdoy, yogʻ, neft mahsulotlari va gaz yangi toʻlovlardan ozod etiladi.
Shu bilan birga, Afgʻoniston Qishloq xoʻjaligi, irrigatsiya va chorvachilik vaziri oʻrinbosari Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari bilan onlayn uchrashuv oʻtkazdi. Tomonlar qishloq xoʻjaligi va chorvachilikda hamkorlikni kengaytirishni muhokama qildilar.
Xususan, Afgʻoniston goʻshti va kartoshkasini Oʻzbekistonga eksport qilish imkoniyatlari, paxtachilik va bogʻdorchilikni rivojlantirish, shuningdek, urugʻchilik markazini tashkil etish haqida soʻz bordi.
«Uchrashuv Afgʻoniston va Oʻzbekiston oʻrtasida qishloq xoʻjaligi va chorvachilik sohalarida hamkorlikni mustahkamlash, savdo aloqalarini kengaytirish, qoʻshma investitsiyalarni rivojlantirish va texnik tajriba almashish maqsadida tashkil etildi», — dedi vazirlik matbuot kotibi Sher Muhammad Hotami.

