Oʻzbekiston aeroportlari atrofida havo ifloslanishi kecha-yu kunduz kuzatiladi
Fargʻona va Samarqand aeroportlari yaqinida atmosfera havosi sifatini avtomatik kuzatuvchi stansiyalar oʻrnatildi. Ular havodagi ifloslantiruvchi gazlar hamda mayda chang zarrachalari miqdorini kechayu kunduz oʻlchashga moʻljallangan.

Oʻzbekiston aeroportlari atrofidagi havo ifloslanishi kecha-yu kunduz nazorat qilinadi
Uzbekistan Airports AJ bergan maʼlumotga koʻra, Fargʻonada stansiya 15-oktabr kuni oʻrnatilgan. Samarqandda esa bunday uskunalarni oʻrnatish va sozlash ishlari 9-oktabrda yakunlangan. Kelgusida boshqa aeroportlar yaqinida ham stansiyalar joylashtirish rejalashtirilgan.
Uskunalar aeroportlarning sanitariya-himoya zonalariga oʻrnatilmoqda. Ular azot dioksidi, oltingugurt dioksidi, uglerod oksidi, ozon, ammiak va vodorod sulfid, shuningdek, PM2.5 hamda PM10 mayda zarrachalari konsentratsiyasini oʻlchaydi.
Tizim bir vaqtning oʻzida havo harorati va namligi, atmosfera bosimi, shamol tezligi hamda yoʻnalishini ham qayd etadi.
Oʻlchov natijalari avtomatik tarzda Atrof tabiiy muhit monitoringi tizimining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasiga yuboriladi. Bu aeroportlar atrofidagi havo sifati qanday oʻzgarayotganini kuzatib borish imkonini beradi.

