Oʻzbekiston 5 mln dollarlik fondi boʻlgan startaplar tanlovini ishga tushiradi
Har yillik Land of Startups tanlovi 2027 yilning aprel oyida boshlanadi. Gʻolib boʻlgan 25 ta jamoaning har biri 200 ming dollargacha investitsiya olishi mumkin boʻladi.

Oʻzbekiston 2027 yilning aprel oyidan boshlab umumiy sovrin jamgʻarmasi 5 mln dollar boʻlgan Land of Startups xalqaro startaplar tanlovini oʻtkazishni boshlaydi. Vazirlar Mahkamasining tegishli 593-sonli qarori 2026 yil 28 oktyabrda qabul qilingan.
Tanlov har yili oʻtkaziladi va u mamlakatga xorijiy startap-loyihalar hamda ularning asoschilarini jalb qilish, texnologiyalar transferini jadallashtirish va Oʻzbekistonni mintaqaviy startap-hab sifatida rivojlantirishga qaratilgan.
Hujjat Prezidentning 2026 yil 11 fevrldagi «Startaplarni qoʻllab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-59-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida qabul qilingan.
Musobaqa beshta yoʻnalishni qamrab oladi: sunʼiy intellekt texnologiyalari; ijtimoiy sohadagi, jumladan taʼlim, sogʻliqni saqlash va davlat xizmatlaridagi raqamli yechimlar; moliyaviy texnologiyalar; kreativ industriyalar hamda kompyuter va mobil oʻyinlarni ishlab chiqish; biznes va sanoat uchun yechimlar.
25 ta gʻolib jamoaning har biri IT Park direktsiyasi huzuridagi venchur jamgʻarmasidan 200 ming dollargacha investitsiya olishi mumkin boʻladi. Mablagʻlar kompleks tekshiruv (due diligence) tartibidan oʻtilgandan soʻng ajratiladi.
Qaror, shuningdek, IT Park faoliyati qoidalariga oʻzgartirishlar kiritadi.
Xususan, IT Park rezidentlari tomonidan ishlab chiqilgan avtomatilashtirish sohasidagi hisobga olish va oʻlchash vositalarini soliq organlarining axborot tizimlari bilan majburiy integratsiya qilish talabi bekor qilinadi.
Bundan tashqari, IT Park direktsiyasi soliq va statistika hisobotlarini, shuningdek axborot texnologiyalari sohasida oʻtkazilgan oʻquv kurslari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish majburiyatidan ozod etiladi.
IT Park rezidentlari uchun ruxsat berilgan faoliyat turlari roʻyxati kengaytirilmoqda. unga buyumlar interneti (IoT) va sunʼiy intellekt qurilmalari, mikro- va nanoelektronika, intellektual robotlar ishlab chiqarish va realizatsiya qilish, shuningdek biznes-angellar klublari faoliyati kiritilmoqda.

