Oʻzbekiston 2035 yilgacha boʻlgan sanoat strategiyasini ishlab chiqmoqda
Hukumat, McKinsey va xalqaro tashkilotlar ishtirokidagi forumda sanoatni rivojlantirish ustuvorliklari, investitsiyalar va eksportni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston 2035 yilgacha boʻlgan sanoat strategiyasini ishlab chiqmoqda
Oʻzbekistonda mamlakatning 2035 yilgacha boʻlgan sanoat strategiyasi kontseptsiyasini tayyorlashga bagʻishlangan forum boʻlib oʻtdi.
Ishtirokchilar soha rivojining uzoq muddatli ustuvor yoʻnalishlari, korxonalarning raqobatbardoshligini oshirish va sanoat ishlab chiqarishini kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Bu haqda Oʻzbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Forum 2026 yil 2 noyabr kuni Bosh vazir oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov, McKinsey & Company global boshqaruvchi hamkori Bob Sternfels, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi va boshqa xalqaro tashkilotlar ekspertlari ishtirokida boʻlib oʻtdi.
Tadbirda, shuningdek, davlat idoralari, sanoat tarmogʻi va ishbilarmon doiralar vakillari ham qatnashdi.
Muhokamalarning bosh mavzusi 2035 yilgacha boʻlgan sanoat strategiyasi kontseptsiyasi boʻldi. Ishtirokchilar ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar chiqarishni koʻpaytirish va mamlakatning iqtisodiy salohiyatidan yanada toʻliq foydalanishga doir yondashuvlarni koʻrib chiqdilar.
Panel munozaralari davomida sanoat rivojlanishining global tendentsiyalari va xalqaro tajriba koʻrib chiqildi.
Alohida eʼtibor Oʻzbekiston uchun imkoniyatlar va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan toʻsiqlarga, jumladan, investitsiyalar va yirik xalqaro investorlarni jalb qilish, global qiymat zanjirlariga integratsiyalashuv, eksport salohiyatini kengaytirish hamda amaldagi ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish masalalariga qaratildi.
Mavzuga oid sessiyalar sanoatning alohida yoʻnalishlari va turdosh sohalarga bagʻishlandi. Ular orasida kon-chiqarish sanoati va xomashyoni chuqur qayta ishlash, mashinasozlik, avtomobilsozlik hamda isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish bor.
Ishtirokchilar, shuningdek, kadrlar tayyorlash, energetika, transport va infratuzilmani rivojlantirish hamda investitsiya faoliyatini takomillashtirish masalalarini muhokama qildilar. Tegishli tarmoqlar vakillari keyingi rivojlanish boʻyicha takliflarini taqdim etdilar, mavjud toʻsiqlar va hal etilishi lozim boʻlgan vazifalarni belgilab berdilar.
Forum yakunlariga koʻra, sanoat strategiyasi kontseptsiyasi muhokamasi bildirilgan takliflar inobatga olingan holda davom ettiriladi.
Tadbir Oʻzbekiston sanoat rivojlanishining uzoq muddatli ustuvor yoʻnalishlarini belgilash boʻyicha fikr almashish maydoniga aylandi.

