“Oʻzbekgidroenergo” AJ va Xitoyning yirik energetika korporatsiyasi: strategik hamkorlikdan amaliy loyihalar sari
Jahon energetika bozorida katta tajribaga ega xalqaro korporatsiya bilan hamkorlik Oʻzbekiston gidroenergetikasini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish va zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

“Oʻzbekgidroenergo” AJ va Xitoyning yirik energetika korporatsiyasi: strategik hamkorlikdan amaliy loyihalar sari
“Oʻzbekgidroenergo” AJ boshqaruv raisi Islom Abduraxmonov Xitoyning yirik davlat energetika korporatsiyalaridan biri — “China Energy International Group” rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazdi. Muloqot chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-maydagi “Gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–163-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda uzoq muddatli strategik hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar xalqaro investitsiyalarni jalb qilish, istiqbolli gidroenergetika loyihalarini birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish, mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish, zamonaviy texnologiyalar hamda ilgʻor muhandislik yechimlarini tatbiq etish masalalarini koʻrib chiqdilar.
Shuningdek, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, Jamiyat tizimidagi loyiha institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish, kadrlar almashinuvi va mutaxassislar malakasini oshirish orqali oʻzaro tajriba almashish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Uzoq muddatli strategik hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro ilgʻor tajribani mahalliy sharoitga moslashtirish orqali Oʻzbekiston gidroenergetika tarmogʻining barqaror rivojlanishini taʼminlash masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash, amaliy sheriklikni kengaytirish hamda yangi qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Mazkur hamkorlikning ahamiyati “China Energy International Group”ning xalqaro energetika bozoridagi mavqei, yirik infratuzilma obyektlarini barpo etish tajribasi va kompleks muhandislik yechimlarini amalga oshirish salohiyati bilan belgilanadi.
“China Energy International Group” Xitoyning yirik davlat energetika va muhandislik korporatsiyasi — “China Energy Engineering Group” (“Energy China”) tarkibidagi xalqaro tuzilma boʻlib, Xitoy va xorijiy bozorlarda yirik energetika obyektlarini loyihalash hamda qurishda katta tajribaga ega. Korporatsiya guruhiga kiruvchi “China Gezhouba Group Corporation” kabi muhandislik-qurilish kompaniyalari dunyodagi yirik gidroenergetika loyihalarida ishtirok etgan.

