Oʻrgamchakning kashf etilishi «yashirin xazina»ni topgandek boʻldi
Mavrikiyda ishlayotgan Durell olimlari tomonidan toʻr-qopqonli oʻrgimchakning yangi turi kashf etildi.

Oʻrgimchakning kashf etilishi «yashirin xazina» topilishiga qiyoslandi
Tabiatni muhofaza qilish mutaxassislari Mavrikiy orolida ish olib borishganda Mavrikiy suv osti qopqonchi oʻrgimchagini aniqlashdi
Olimlar yangi oʻrgimchak turini aniqlaganlaridan soʻng «mutlaqo hayratda qolganlarini» aytishdi.
Djersidagi Durrell Wildlife Conservation Trust jamgʻarmasi jamoasi Mavrikiyning Ilot Vakoas orolida hamkorlar bilan ishlayotganda, 2023 yilda sohil boʻyidagi qoyalar orasida ushbu oʻrgimchaksimon jonzot koʻrib qoldingan edi.
Xayriya tashkilotining bildirishicha, bu topilma qopqonchi oʻrgimchaklarning yangi turi ekani tasdiqlandi va keyinchalik unga Mavrikiy suv osti qopqonchi oʻrgimchagi (Idioctis marevallum) deb nom berildi.
Oʻrgimchakni kashf etgan entomolog, doktor Maks Tersel bu holatni «yashirin xazina»ni topgandek his qilganini aytdi.
Kashfiyotni yodga olar ekan, Tersel oʻrgimchakni «siyrak oʻsimliklarga ega sohil boʻyidagi qoyalar orasidan» topganini aytdi.
Uning soʻzlariga koʻra, bu «bunchalik hayratlanarli narsani topishni kutgan joyimiz emas edi».
«Oʻshanda qorongʻi tushgan edi va men peshona chirogʻim bilan qoya yoriqlarini sinchkovlik bilan qidirayotgandim. Toʻsatdan, hayratimga sabab boʻlib, oʻzimga tanish boʻlgan shaklni koʻrib qoldim — uyasidan oʻrgimchakning oyoqlari chiqib turardi. Men bunday narsani ilgari faqat qalin oʻrmonlar va oʻtloqlarda koʻrgandim», — dedi u.
«Men mutlaqo hayratda qoldim».
Durrell Wildlife Conservation Trust jamgʻarmasining taʼkidlashicha, boshqa qopqonchi oʻrgimchaklar kabi oʻz uyasini kovlash oʻrniga, Mavrikiy suv osti oʻrgimchagi ming yillar oldin qurtlar va mollyuskalar tomonidan hosil qilingan deb hisoblangan marjon qoyalaridagi naychalarda yashaydi.
Jamgʻarmaning bildirishicha, oʻrgimchak kirish joyini ipak, qum va suvoʻtlardan yasalgan qopqon-eshikcha bilan yopadi hamda suv koʻtarilganda uning uyi toʻliq suv ostida qoladi va ketma-ket toʻlqinlar zarbasiga uchraydi.
Durrell jamgʻarmasining Mavrikiy boʻyicha menejeri Nik Koul bu kashfiyot «inonilmas darajada hayajonli» ekanini aytdi.
U shunday dedi: «Eng koʻp esimda qolgani — Maksning migalomorfni, yaʼni qopqonchi oʻrgimchakni koʻrib qolib, yoniga borishimni soʻrab baqirgani boʻldi.
Tarantulalar bilan bir guruhga mansub jonzot shunday joyda yashashi mumkinligiga ishona olmasdim.
Men tuni bilan uxlamay, aloqani ushlash uchun telefonimni havoda tutib turdim va Mavrikiyda shunga oʻxshash oʻrgimchak haqida biror bir dalil qidirdim».

