Oʻnlab yillik yopiq jinoyat ishlarni ochishga yordam berayotgan texnologiyalar
Surishtiruv genetik genealogiyasi jinoyatchilarni ushlashga yordam berishi mumkin, ammo maxfiylik boʻyicha xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.

**Oʻn yillik ochilmagan jinoyatlarni ochishga yordam berayotgan texnologiya**
Jinoyat joyidagi dalillar gumonlanuvchilarni aniqlash uchun koʻpincha yetarli boʻlmaydi
Rendi Geyl Sperino oxirgi marta 1993 yil 9 noyabr kuni kechqurun, Illinoys shtatining Granit-Siti shahrida pikap yuk mashinasiga chiqayotganida tirik koʻrilgan edi.
Bir necha soatdan keyin 34 yoshli ayolning jasadi yaqindagi daladan topildi. U oʻtkir oʻtmas jism yetkazgan jarohatdan vafot etgan edi.
Qotilning shaxsi nomaʼlumligicha qoldi. Jinoyat joyidan olingan DNK xuquqni muhofaza qilish organlarining standart maʼlumotlar bazalari boʻyicha tekshirildi, ammo hech qanday moslik topilmadi.
30 yil davomida Medison okrugi sherifi boshqarmasi tergovchilari jinoyatchini aniqlash maqsadida guvohliklarni oʻrgandilar va yuzlab odamlarni soʻroq qildilar.
Bu ish AQShdagi 250 000 dan ortiq ochilmagan qotilliklardan biriga aylanishga mahkumdek tuyulardi.
Keyin, oʻtgan yili detektivlar yangi yoʻlni tanladilar. Ular genetik dalillarni Xyustonda joylashgan Othram kompaniyasiga topshirdilar. Bu kompaniya ochilmagan va amaldagi ishlarda jinoyatchilarni aniqlashga yordam berish uchun DNK texnologiyasidan foydalanadi.
Medison okrugi detektivlariga 2018 yilda "Oltin shtat qotili" Jozef Jeyms DeAnjeloni aniqlash uchun qoʻllanilgan tergov genetik genealogiyasi usullari taʼsir koʻrsatgan edi. Oʻsha tergovda guruh qotilni aniqlashga yordam berish uchun qarindoshlik daraxtini tuzib chiqqan.
Buning imkoni boʻlganiga sabab, qarindoshlarning DNK maʼlumotlari isteʼmolchilarning nasl-nasabni aniqlash xizmatlariga oʻxshash tijorat maʼlumotlar bazalariga yuklangan edi.
Odatda dalil va maʼlum bir shaxs oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri solishtirishga tayanadigan anʼanaviy sud-tibbiy DNK testidan farqli oʻlaroq, tergov genetik genealogiyasi nomaʼlum shaxsning uzoq genetik qarindoshlarini kuzatib topishi mumkin.
Othram Sperinoning qotilini qidirishda aynan shu usuldan foydalandi. Qotilning shaxsiy DNK profili mavjud boʻlmasa-da, uzoq qarindoshlarining profillari kompaniyaga erkak qarindoshlardan birini aniqlash imkonini berdi.
Tergovni olib borgan Medison okrugi sherifi boshqarmasi kapitani Tim Lourens: "Ushbu kalit maʼlumot ishni tubdan oʻzgartirib yubordi", dedi.
Bu ishora oxir-oqibat detektivlarni 70 yoshli Albert "Baddi" Ziglerga olib keldi va u keyinchalik qotillikni tan oldi. Unga joriy yilning may oyida ayblov qoʻyildi.
Matbuot anjumanida Geylning oʻgʻli Ues Sperino shunday dedi: "Nihoyat xotirjamlik topdim va buni kim qilganini bildim."
Detektivlarga Ziglerni aniqlashga yordam bergan usul sud-tibbiyot ishlarni hal qilish tizimini tubdan oʻzgartirgani bilan keng eʼtirof etiladi.
U ayniqsa shaxsi aniqlanmagan odam qoldiqlari bilan bogʻliq ishlarda va uzoq vaqtdan beri davom etayotgan tergovlarda gumonlanuvchilarni aniqlashda samarali boʻldi.
Othram minglab ishlarni ochishga yordam berganini aytmoqda. Kompaniya ijrochi direktori Devid Mittelman tergov genetik genealogiyasini GPS tizimiga qiyoslaydi: "DNK profili bu GPS signali boʻlib, u 'siz shu yerga tegishlisiz' deydi. Ammo 'bu yer' qayerda ekanini tushunish uchun sizga xarita kerak boʻladi."
Jamoatchilik yozuvlari, nekrologlar va aholini roʻyxatga olish maʼlumotlari ana shu xaritani taqdim etadi, bu esa Othram olimlariga turli qarindoshlik daraxtlari qanday bogʻlanganini aniqlash imkonini beradi.
Shunda ham Mittelman DNK texnologiyasi "ketma-ket tergov bosqichlari" talab qilingunga qadargina yordam berishini alohida taʼkidlaydi.
DNK fani detektivlarga ochilmagan ishlarni ochishga yordam berayotgan yagona texnologiya emas.
Sperinoning qotilini qidirish kabi yirik tergovlardagi qiyinchiliklardan biri bu juda katta hajmdagi dalillardir.
Sperinoning qotilligi boʻyicha ishlayotgan xodimlar sunʼiy intellekt 1993 yildan beri toʻplangan juda koʻp materiallarni saralashga yordam berishini tushunib yetdilar.
Ular 2 000 sahifadan ortiq yozuvlarni koʻrib chiqish va ishni ochishga yordam bergan DNK testi uchun dalillarni aniqlash maqsadida Floridadagi CentralSquare dasturiy taʼminot kompaniyasining Centerline AI platformasidan foydalandilar.
Sunʼiy intellekt voqealar xronologiyasini tiklashga va guvohlar maʼlumotlarini tartibga solishga yordam berdi. "Bu detektivning 2 000 sahifani oʻqib chiqishidan koʻra juda oson", deydi Lourens. Uning jamoasi sunʼiy intellekt bilan chat-bot kabi muloqot qilishi mumkin edi.
Bu, shuningdek, Zigler topilgach, uni soʻroq qilishda ham qoʻl keldi. Detektivlar "Ziglerning rost gapirayotganini aniqlashga" yordam berishi uchun sunʼiy intellektga savollar berishga muvaffaq boʻlishdi, deydi Lourens.
Ammo texnologiya "faqat tergovchining mahorati darajasidagina foydalidir", deydi kapitan. Maʼlum bir nuqtada, deydi u, "texnologiyani bir chetga surib, odamlarni qidirib topish va ular bilan gaplashishga toʻgʻri keladi."
Tergov genetik genealogiyasining ham oʻz cheklovlari bor. Mittelman shunday deydi: "U hamma ishni ham ocha olmaydi. Agar sizda DNK boʻlmasa, bu usulni qoʻllay olmaysiz."
"Ammo bu usul maʼlumotlar bazasining qayeridadir moslik topilishi ehtimoliga tayanishdan koʻra ancha kuchliroq va shaxsni aniqlash ehtimoli juda yuqori", deya qoʻshimcha qiladi u.
Othram kabi kompaniyalar faqat foydalanuvchilar huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan moslashtirishga rozilik bergan nasl-nasab platformalaridan foydalansa-da, ushbu maʼlumotlardan foydalanishning axloqiy jihatlari boʻyicha savollar saqlanib qolmoqda.
"Bu yerda mahfiylik boʻyicha jiddiy xavotirlar mavjud", deydi London Qirollik kollejining sud genetikasi professori Deniz Sinderkomb Kort. Hatto bir kishi oʻz DNKsidan foydalanishga rozi boʻlgan boʻlsa ham, genetik qarindoshlari rozilik bermagan boʻlishi mumkin.
Moliyalashtirish yana bir toʻsiqdir. Mittelman shunday deydi: "Har bir huquqni muhofaza qilish organi buni amalga oshirishni xohlaydi. Shunchaki buning uchun moliyalashtirish juda kam."
Baʼzi hollarda xayriyalar yoki kraudfanding bu ish uchun haq toʻlaydi. Othram jamoatchilik moliyalashtirishga yordam berishi mumkin boʻlgan ishlar roʻyxati keltirilgan veb-saytni boshqaradi.
Tergov genetik genealogiyasi Shvetsiya, Daniya va Avstraliya kabi mamlakatlarda joriy etilgan, ammo Buyuk Britaniyada hali qoʻllanilmaydi. Buyuk Britaniya Ichki ishlar vazirligi uni mamlakatda joriy etish kerakmi-yoʻqmi degan qarorga kelish uchun tadqiqot oʻtkazmoqda, ammo izoh berish soʻroviga javob bermadi.
Buyuk Britaniya allaqachon yaxshi imkoniyatlarga ega, deydi Sinderkomb Kort. "Bizda shunchalik samarali DNK maʼlumotlar bazasi borki, agar jinoyat joyidan biror DNK ola bilsangiz, ushbu shaxsning ismini aniqlash ehtimoli 65% dan oshadi, bu juda goyat katta kuchdir", deydi u.

