Oʻlim jazosi kutish kamerasida 41 yil oʻtirgan kishi garov evaziga ozodlikka chiqarildi
Yangi DNK tahlili ayolni oʻldirganlikda ayblanib, lekin doimo oʻz aybsizligini taʼkidlab kelgan, hozirda 71 yoshli Duglas Styuart Karterga mos kelmadi.

**Oʻlim jazosi kutish kamerasida 41 yil oʻtirgan kishi garov evaziga ozodlikka chiqarildi**
AQShda ayol kishini oʻldirganlikda ayblanib, oʻlim jazosi kutish kamerasida 41 yil umrini oʻtkazgan erkak, prokurorlar yangi tekshirilgan DNK dalillari uni jinoyatga bogʻlamasligini aytganidan keyin garov evaziga ozodlikka chiqarildi.
Hozirda 71 yoshda boʻlgan Duglas Styuart Karter 1985 yilda Yuta shtatida Yeva Olesenni oʻldirganlik uchun qamoqqa olingan edi.
U oʻlim jazosiga hukm qilingan, biroq imzolangan iqrornoma undan qiynoqlar ostida olinganini aytib, doimo oʻzining aybsiz ekanini taʼkidlab kelgan.
Oʻtgan yili shtat Oliy sudi tergovchilar tomonidan yoʻl qoʻyilgan qonunbuzarliklarga ishora qilib, yangi sud jarayonini boshlashni buyurdi va dushanba kuni sudya jabrlanuvchining oilasi eʼtirozlariga qaramay, Karterni garov evaziga ozod qilish haqida qaror chiqardi. U garovda boʻlgan vaqtida GPS monitorini taqib yurishi kerak.
Mahalliy politsiya boshligʻining xolasi boʻlgan Olesen 1985 yil fevral oyida Yuta shtatining Provo shahridagi uyida bir necha bor pichoqlangan va keyin boshining orqa qismiga oʻq uzilgan holda topilgan.
Asli chikagolik boʻlgan Karter qotillik sodir etilgan vaqtda Yuta shtatida onasi bilan birga yashagan. Sud hujjatlariga koʻra, politsiya uni talonchilik paytida Olesenni oʻldirganlikda gumon qilgan.
Oʻzini boshqa bir ish boʻyicha qidirilayotgan deb oʻylagan Karter Yuta shtatidan qochib ketgan, biroq keyinroq Tennessi shtatining Nashvill shahrida topilgan. Soʻngra u soʻroq paytida iqrornomaga imzo chekkan, keyinchalik bu iqrornoma bosim ostida olinganini aytgan.
Karterni jinoyat joyiga bogʻlaydigan hech qanday ashyoviy dalil boʻlmasa-da, hakamlar hayʼati uni iqrornoma va uning qotillik bilan maqtanganini aytgan ikki guvohning koʻrsatmalari asosida aybdor deb topgan.
Biroq, guvohlar keyinchalik, 2011 yilda, sudda yolgʻon gapirishga majburlanganliklarini, politsiya tomonidan ularga pul va sovgʻalar berilganini hamda Karterga qarshi koʻrsatma bermasalar, deportatsiya qilinishi bilan tahdid qilinganini aytishgan.
Oradan oʻn yildan koʻproq vaqt oʻtgach, Yuta Oliy sudi oʻtgan yili yangi sud jarayonini oʻtkazish haqida buyruq berdi.
Karter doimo oʻz aybsizligini taʼkidlab, imzolangan iqrornoma bosim ostida olinganini bildirib kelgan.
Qora tanli boʻlgan Karterning advokatlari guvohlar qotillik joyidan oq tanli kishi qochib ketayotganini koʻrishganini va tergovchi jabrlanuvchining turmush oʻrtogʻi Orla Olesenga ishora qiluvchi dalillarni yashirganini aytishdi.
Ularning soʻzlariga koʻra, prokurorlar unga nisbatan ayblov eʼlon qilishga yaqin boʻlishgan, biroq politsiya xodimi tergovni davom ettirish uchun ulardan buni qilmaslikni soʻragan.
Olesenning 2009 yilda vafot etgan turmush oʻrtogʻi politsiyaga xotinini uyida oʻlik holda topganini aytgan edi.
Jabrlanuvchining pichoq jarohatlari ularning oshxonasidagi pichoq bilan yetkazilgani aytilgan, ushbu pichoq uning jasadi yaqinidan topilgan. Toʻpponcha esa voqea joyidan topilmagan.
Shu oyda prokurorlar DNK tahlili natijalari eshik tutqichidan topilgan qon va pichoq dastasidan olingan genetik material Karterga tegishli emasligini koʻrsatganini maʼlum qilishdi.
Karterning ozod etilishi Olesen oilasining xohishiga ziddir.
Yeva Olesenning kelini Tereza Olesen dushanba kungi garov boʻyicha eshituvda uning oilasi Karterning ozod etilishidan "jiddiy xavotirda" ekanini aytdi. U Karter yangi sud jarayonini kutish vaqtida qamoqda qolishi kerakligini taʼkidladi.
"Biz aniq bir moslik chiqishiga umid qilgandik", dedi Olesen DNK tahlili haqida. "Bu uning u yerda boʻlmaganini anglatmaydi".
Ammo Karterning himoyachisi Nil Hamilton ishni tugatishni talab qildi.
"Agar Yuta shtati oʻz deganiga erishganida, u biz ushbu qonunbuzarliklarni aniqlashimizdan 15-20 yil oldin qatl etilgan boʻlar edi", dedi u Associated Press agentligiga.

