Dunyo

Oʻlatga qarshi institut xodimi vafotidan keyin Irkutsk kasalxonalarida karantin joriy etildi

Rospotrebnadzor uning oʻlimiga pnevmoniya sabab boʻlgani, epidemiologik vaziyat – «barqaror»ligini taʼkidlamoqda.

Oʻlatga qarshi institut xodimi vafotidan soʻng Irkutsk kasalxonalarida karantin joriy qilindi

«Lyudi Baykala» nashri 4-oktabr kuni Irkutskdagi bir nechta shifoxonada uch haftalik karantin boshlanganini maʼlum qildi. Jurnalistlar bergan maʼlumotga ko‘ra, shahardagi 1-, 3-, 10-sonli klinik shifoxonalar hamda Ivano-Matreninskaya bolalar shifoxonasi yopilgan. Bundan tashqari, shu kunlarda farzand kutayotgan oilalardan biri nashrga Irkutskdagi tugʻuruqxonalardan birida ham karantin joriy etilganini aytgan.

Nashrning sogʻliqni saqlash sohasidagi suhbatdoshi soʻzlariga koʻra, irkutsklik shifokorlar «allaqachon oʻlat toʻgʻrisida ochiqchasiga gapirmoqda», biroq shifoxonalarga kelib tushayotgan hujjatlarda bu tashxis qayd etilmagan. «Oʻpka oʻlati tarqalganda tanlab karantin qoʻllanmaydi – cheklovlar barcha tibbiyot muassasalarida bir vaqtning oʻzida joriy etiladi», - deya «Lyudi Baykala» o‘z manbasi soʻzlarini keltiradi.

«Lyudi Baykala» xabaridan ko‘p o‘tmay Rospotrebnadzor bayonot berdi. Idora «Irkutsk oblasti, Irkutsk va Shelexov shaharlarida sanitariya-epidemiologik vaziyat barqarorligi»ni maʼlum qildi hamda «maxsus kompleks chora-tadbirlar» tashkil etilgani va o‘tkazilgani haqida hisobot berdi.

Bunday choralar Irkutskdagi oʻlatga qarshi institut xodimi «etiologiyasi aniqlanmagan pnevmoniya»ga chalingani sababli ko‘rilgan. Rospotrebnadzordagilar vafot etgan ayol organizmida «uning kasbiy faoliyati bilan bogʻliq mikroorganizmlar» topilmaganini alohida taʼkidlagan.

3-oktabr kuni Shelexovdagi Irkutsk alyuminiy zavodida niqob rejimi joriy etilgandi. Zavod direktori Artyom Fomin buni profilaktik chora deb atagan. «Oʻzini asraganni Xudo ham asraydi – ehtiyotkorlik choralariga rioya qiling», – deb yozgan u o‘z telegram-kanalida.

Bir necha kun avval aynan Shelexovdagi (Irkutskning yoʻldosh shahri) shifoxonalardan birida 28 yoshli bemor Darya Shipilova vafot etgandi (jurnalistlar aniqlashicha, u oʻlatga qarshi institutda laborantka boʻlib ishlagan). Uni shifoxonaga 29-sentabr kuni olib kelishgan, ikki kun o‘tib uning joni uzilgan. O‘shanda OAVda yuz bergan hodisa bo‘yicha ikki versiya tilga olingandi.

Ulardan biriga ko‘ra, Shipilova Tailanddan qaytganidan keyin oʻpka oʻlati tashxisi bilan kasalxonaga tushib qolgan. Boshqa versiyaga ko‘ra, u qoʻqqisdan oʻlat qoʻzgʻatuvchi solingan probirkani sindirib qo‘ygan. Rospotrebnadzor esa institutda patogen mikroorganizmlar bilan bogʻliq favqulodda holat ro‘y bermaganini bildirgan.

Shu bilan birga, Irkutsk oblasti rasmiylari bemorning oʻlimi, shuningdek, uning oʻlat bilan kasallangani ehtimoli haqida bayonot bermagan. Gubernator Igor Kobzev 2-oktabr kuni Rossiyaning bosh sanitariya vrachi Anna Popova (u shaxsan Irkutskka uchib kelgan) bilan yigʻilish o‘tkazganini maʼlum qildi va bunga «regionda yashovchi fuqaro oʻta xavfli infeksiya bilan kasallangani haqida tarqalgan maʼlumot» sabab bo‘lganini aytdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.