Nyu-York politsiyasi endi Kornelldagi jinsiy tegajogʻlik boʻyicha shikoyatlarni tergov qiladi, deydi gubernator
Ushbu oʻzgarish kampusdagi talabalar jamiyati aʼzolari tomonidan sodir etilgan guruh boʻlib zoʻrlash ayblovlariga maktab rahbariyatining munosabati atrofidagi noroziliklar fonida eʼlon qilindi.

Nyu-York politsiyasi endi Kornell universitetidagi jinsiy zoʻravonlik boʻyicha shikoyatlarni tergov qiladi, deydi gubernator
Nyu-York gubernatori Keti Xokul mazkur oʻquv yurtidagi toʻdalashib zoʻrlash ayblovi atrofidagi eʼtirozlardan soʻng, Kornell universitetidagi keyingi barcha jinsiy huquqbuzarliklar boʻyicha shikoyatlar bilan endi shtat politsiyasi shugʻullanishini aytdi.
Bu qaror 2024 yilda kampusda sodir etilgani aytilgan zoʻrlash holatining koʻrib chiqilishi ortidan qabul qilindi. Unda anonim ravishda Jeyn Do deb atalgan talaba qiz talabalar birodarligi uyida unga giyohvand modda berilgani va toʻdalashib zoʻrlanganini aytib, Kornell universitetini sudga bergan edi.
Kornell avvaliga oʻzining intizomiy choralarini himoya qildi, ammo keyinchalik qizning ishini koʻrib chiqishda kamchiliklarga yoʻl qoʻyganini tan oldi.
Mashmasha universitetda gʻalayon uygʻotishda davom etmoqda. Kornell maʼmuriyati, jumladan uning prezidenti endi professor-oʻqituvchilar tarkibi tomonidan bildiriladigan ishonchsizlik votumiga duch kelmoqda.
Xokulning aytishicha, Nyu-York shtati politsiyasi Kornell bilan kelishuv imzolagan boʻlib, unga koʻra, ilgari universitet politsiyasi tomonidan koʻrib chiqilgan jinsiy huquqbuzarliklar boʻyicha barcha shikoyatlar endi zudlik bilan shtat politsiyasiga yuboriladi.
«Kimdir jinsiy zoʻravonlik haqida xabar berganda, u oʻz ayblovlari jiddiy qabul qilinishini va jabrlanganlarni qoʻllab-quvvatlash uchun tayyorlangan huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan atroflicha tergov qilinishini bilishga loyiqdir», — dedi Xokul payshanba kuni.
«Jabrlanganlar oʻzlarini himoya qilish uchun masʼul boʻlgan muassasalarga ishona olishlari kerak», — deya qoʻshimcha qildi gubernator.
Jeyn Do sentyabr oʻrtalarida daʼvo arizasi berganidan beri Elita universitetiga (Ivy League) qarshi eʼtirozlar keskin tus oldi.
Chorshanba kuni professorlar va boshqa akademik xodimlardan iborat boshqaruv organi — universitet Professor-oʻqituvchilar senati yopiq majlis oʻtkazdi va maʼmuriyat hamda universitet prezidenti Maykl Kotlikoffga qarshi ishonchsizlik votumini oʻtkazishga qaror qildi.
Oʻqituvchilar juma kunidan boshlab ovoz berishlari mumkin boʻladi, ovoz berish 6 noyabrgacha davom etadi. Ovoz berish asosan ramziy xarakterga ega, ammo u universitet rahbariyatida oʻzgarishlar qilish bosimini oshirishi mumkin.
Shu oy boshida universitet taxmin qilinayotgan hujumga javoban bir nechta choralarni, jumladan, oʻz politsiya kuchlariga jinsiy zoʻravonlikni tergov qiluvchilarni qoʻshishni eʼlon qildi.
Xokul tergovning olib borilishidan «chuqur tashvishda» ekanini aytdi. Shu oy boshida u Nyu-York bosh prokurori Letitsiya Jeymsni jinoiy ayblovlar asosli yoki asosli emasligi boʻyicha qayta ochilgan tergovni nazorat qilish uchun maxsus prokuror etib tayinladi.
Ish markazida turgan ayol 2024 yilda universitetdagi talabalar birodarligi uyida yetti nafar erkak unga giyohvand modda berib, zoʻrlaganini daʼvo qilib, fuqarolik daʼvosi ochgan.
Uning aytishicha, Kornell uni himoya qilolmagan yoki hozirda «Kornell yettiligi» nomi bilan poznalgan erkaklarni yetarlicha jazolamagan.

