Nyu-York meri antisemitizmga qarshi yangi strategiyani taqdim etdi
Nyu-York meri Zohron Mamdani antisemitizmga qarshi kompleks strategiyani eʼlon qildi. Rejada nafrat asosida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurash uchun yillik byudjetni 3 million dollardan 29 million dollargacha oshirish, sinagogalar qoʻriqlanishini kuchaytirish va yahudiy madaniy muassasalarini qoʻllab-quvvatlash nazarda tutilgan.

Nyu-York meri antisemitizmga qarshi yangi strategiyani e’lon qildi
DW xabariga ko‘ra, Mamdani mazkur strategiyani 29-sentabr kuni taqdim etgan. Shahar ma’muriyati sinagogalarni qo‘riqlash uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratish va yahudiy diniy inshootlari xavfsizligi bo‘yicha ishchi guruh faoliyatini qayta tiklashni rejalashtirmoqda.
Strategiya doirasida shahar bo‘ylab antisemitizmga qarshi axborot kampaniyalari o‘tkaziladi, Xolokost haqida ma’lumot beruvchi ta’lim dasturlari kengaytiriladi.
Yahudiy madaniy markazlari va notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlashga ham millionlab dollar yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Ular orasida Kvins hududida barpo etilayotgan Xolokost qurbonlari yodgorligi hamda Bruklindagi Yangi yahudiy madaniyati markazi bor.
Mamdani X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan videomurojaatida yahudiylar Nyu-York aholisining 12 foizini tashkil etishiga qaramay, politsiya qayd etgan nafrat jinoyatlarining yarmidan ko‘pi antisemitizm bilan bog‘liq ekanini aytgan.
«Bu nafaqat qabul qilib bo‘lmaydigan holat, balki biz o‘zgartirishimiz shart bo‘lgan vaziyatdir. Shahar ma’muriyati bu borada yetakchi rolni o‘z zimmasiga oladi», - degan mer.
Nyu-York tarixidagi birinchi musulmon mer Zohron Mamdani Falastinni qo‘llab-quvvatlashi va Isroil siyosatini tanqid qilishi bilan tanilgan. Uning bu qarashlari shahardagi yahudiy jamoasining bir qismi noroziligiga sabab bo‘lgan. Ayni paytda, Nyu-York yahudiylari orasida Mamdanining tarafdorlari ham bor.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasida so‘zlagan nutqida Mamdanini antisemit deb atagan.
DW ma’lumotiga ko‘ra, Mamdani 2026-yilgi saylov kampaniyasi davomida Netanyahu Nyu-Yorkka kelsa, Xalqaro jinoyat sudi 2024-yilda bergan hibsga olish orderi asosida uning hibsga olinishiga erishishga harakat qilishini aytgan. Biroq mer lavozimiga kirishganidan so‘ng, bunday vakolatga ega emasligini tan olgan.

