NYT: Putin 2026-yilda NATO va Yevroittifoqni parchalashni maqsad qilgandi
U bunga Moldova orqali erishmoqchi bo‘lgan. Manbalar 2025-yil sentyabridagi saylovlar arafasida moldovalik yoshlar Serbiya va Bosniyadagi lagerlarda qurol ishlatishga va namoyishlar uyushtirishga o‘rgatilgani haqida aytib berishgan. Ammo saylovdan oldin bunday lagerlarda bo‘lib qaytganlar aniqlanib, qo‘lga olingan. Saylovda esa G‘arb bilan yaqinlashish tarafdori bo‘lgan Mayya Sanduning partiyasi ustunlikni saqlab qolgan.

NYT xabariga ko‘ra, Vladimir Putin 2025-yil oxirida harbiy qo‘mondonlar bilan uchrashib, 2026-yilga kelib "NATO va Yevropa Ittifoqini ichidan parchalash" maqsadini belgilagan. Bu ma'lumot uchrashuv tafsilotlaridan xabardor mulozimlarga tayanib The New York Times tomonidan yozilgan.
Nashr suhbatdoshlarining ta'kidlashicha, Moldova ushbu rejalarda muhim o'rin tutgan. G'arb maxsus xizmatlari ma'lumotlariga ko'ra, Kremlning ustuvor yo'nalishlari ro'yxatida Ukrainani bo'ysundirish birinchi, Moldova ustidan nazorat o'rnatish esa ikkinchi o'rinda turadi. Shu bilan birga, Putin o'sha paytda, mudofaa vazirligining kengaytirilgan hay'ati yig'ilishida, Yevropa yetakchilarini Rossiya tomonidan hujum tahdidi mavzusida "jazavaga tushayotgani" uchun tanqid qilgan. U shunday degan: "Bir necha bor aytganman: bu yolg'on, safsata, shunchaki Rossiyaning Yevropa mamlakatlariga xayoliy tahdidi haqidagi safsata".
NYT suhbatdoshlariga ko'ra, Moldova Rossiya uchun ham Ukraina, ham G'arbga qarshi keyingi tajovuz uchun ideal platsdarm bo'lishi mumkin edi. Ular qo'shimcha qilishicha, Putin hali ham Rossiyani Moldova bilan bog'laydigan quruqlik yo'lagini yaratish uchun Ukraina janubidagi hududlarni egallab olishga umid qiladi.
Ushbu maqsadlarda Rossiya 2025-yil 28-sentyabrda Moldovada bo'lib o'tgan parlament saylovlariga kiberhujumlar, dezinformatsiya, shuningdek, ovozlarni sotib olish va tashviqot orqali aralashishga uringan.
Kreml kampaniyasiga moldovalik ruhoniylar ham jalb qilingan. Ular Rossiyaga borib, u yerda Promsvyazbankning debet kartalarini olgan, keyin Moldovaga qaytib, mukofot pullari evaziga cherkovdagilarni Moldovaning Yevropa Ittifoqiga a'zo bo'lishi bo'yicha referendumni rad etishga undashi, shuningdek, g'arbparast siyosatga qarshi chiqishlar qilishi ko'zda tutilgan. O'shanda Moldovadagi parlament saylovlari "tarixiy" saylov deb qaralgan, mamlakatning Yevropa integratsiyasi kelajagi ko'p jihatdan uning natijalariga bog'liqligi ta'kidlangan.
O'sha 2025-yilning yozida Serbiyada mashg'ulot lageri tashkil etilib, uning ishtirokchilari (ularning aksariyati Moldova fuqarolari edi) miltiq ishlatish, politsiya to'siqlarini yorib o'tish va binolarga o't qo'yish bo'yicha o'qitilgan. Ularga uch-to'rt kunlik kursda qatnashish uchun 400 dollardan to'langan. Lagerdagi instruktorlar Rossiya harbiy razvedkasi (GRU) bilan aloqador xodimlar bo'lib, uning maqsadi saylovlarga aralashish bo'yicha o'qitilgan jangchilar guruhini tayyorlash edi, deya ma'lum qiladi G'arb razvedka xizmatlari vakillari.
Shunga o'xshash lager Bosniyada, shuningdek, Moskva yaqinida ham tashkil etilgan. Moldova prokurorlari ma'lumotlariga ko'ra, bu mashg'ulotlar ishtirokchilari (Moldovaning 100 dan ortiq yosh fuqarolari) yondiruvchi vositalar va qo'lbola portlovchi qurilmalarni tayyorlash va ishlatishni, shuningdek, "portlovchi moddalar o'rnatiladigan dronlar" bilan muomila qilishni o'rgangan.
Moldova prezidentining milliy xavfsizlik va mudofaa masalalari bo'yicha maslahatchisi Stanislav Sekriyeru Rossiya Moldovadan "Ukrainaga, shuningdek, uning asosiy mudofaa va moliyaviy donori sifatida Yevropa Ittifoqiga qarshi dushmanlik harakatlari uchun platsdarm sifatida" foydalanmoqchi ekanini aytgan. U qo'shimcha qiladi: "Aynan shuning uchun so'nggi bir necha yil ichida Rossiya bu maqsadlarga misli ko'rilmagan resurslarni yo'naltirdi".
NYT nashri yozishicha, Moldova hukumati bunga tayyor bo'lib chiqqan. Ovoz berish boshlanishidan bir necha hafta oldin Moldova huquq-tartibot organlari yuzlab uylarda tintuv o'tkazgan va mashg'ulot lagerlarida tayyorgarlikdan o'tib kelganlarni hibsga olgan, mahalliy kibermutaxassislar esa G'arbdagi ittifoqchilar ko'magida hakerlik hujumlarini qaytargan. Saylovda Mayya Sanduning partiyasi parlamentda ko'pchilik o'rinlarni saqlab qolgan. "Biz jangda g'alaba qozondik. Ammo hali urushda g'alaba qozonmadik", – deydi Moldova Kiberxavfsizlik agentligi direktori Mixay Lupashku.

