Nukusda yana 100 ta xonadonda asalarichilik yo‘lga qo‘yiladi

Nukusda yana 100 ta xonadonda asalarichilik yo‘lga qo‘yiladi
Shavkat Mirziyoyev Nukus tumanidagi Diyqan arna mahallasida bo‘lib, aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Hududda mingdan ortiq oila, jami 3,6 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Bu yerda joriy etilgan “Smart mahalla” tizimi aholi murojaatlarini tezkor hal etish, demografik maʼlumotlarni aniq yuritish va infratuzilma holatini elektron nazorat qilish imkonini berib, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Ijtimoiy infratuzilmani yaxshilashga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Investitsiya dasturi doirasida 4,5 mlrd so‘m mablag‘ evaziga 60 o‘rinli zamonaviy bog‘cha foydalanishga topshirildi. Mahalliy byudjetdan 1 mlrd so‘m ajratilib, futbol va vorkaut maydonchalari qurildi.
Aholi daromadini oshirishda “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida asalarichilik asosiy yo‘nalish sifatida belgilangan. Hozirda mahallada 20 dan ortiq xonadonda asalari boqilmoqda. Bir xonadonda 50-100 ta asalari qutisidan yiliga 1 tonnagacha asal olinib, daromad topilmoqda.
Davlat rahbari mahallada yashovchi Baxtiyor Jubayev xonadonida bo‘lib, asalni qayta ishlash sexi va asalari qutilarini tayyorlash jarayoni bilan tanishdi.
Bu yerda bir mavsumda 2 tonna qayta ishlangan asal mahsuloti sotilib, yiliga 200 mln so‘m atrofida foyda olinmoqda. Ustaxonada esa yiliga 250 tadan ortiq asalari qutisi tayyorlanib, qo‘shimcha 80 mln so‘mgacha daromad ko‘rilmoqda.
Yil yakuniga qadar Asalarichilar uyushmasi tomonidan yana 100 ta xonadonda kooperatsiya asosida asalari boqishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu yana ko‘plab oilalarni barqaror daromad manbai bilan taʼminlashga xizmat qiladi.
Prezident shu yerda hudud faollari, nuroniylar va yoshlar bilan samimiy muloqot qildi.
Orolbo‘yini rivojlantirish va aholi turmush darajasini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan ekani taʼkidlandi. Mahallalarda boshlangan bunday xayrli ishlar ko‘lami kengaytirilib, ularni amalga oshirish surʼati yanada jadallashishi qayd etildi.

