Nukus jamoat transporti uchun 44 ta yangi avtobus olib kelindi
So‘nggi ikki oyda Nukus shahriga 44 ta zamonaviy avtobus olib kelindi. Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ularning 32 tasi “Fayz Avangard”, 12 tasi esa “Mangit lestorg” MCHJ tomonidan xarid qilingan. Avtobuslar shahar yo‘nalishlarida brutto-shartnoma asosida harakat qiladi.

Nukusga jamoat transporti tizimini yangilash maqsadida 44 ta yangi avtobus yetkazildi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
So‘nggi ikki oy ichida Nukus shahriga 44 ta zamonaviy avtobus olib kelindi. Bu harakat prezident tomonidan belgilangan vazifalar doirasida hududlarda jamoat transportini rivojlantirish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va transport parkini yangilashga qaratilgan.
Xususan, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi “Fayz Avangard” MCHJ 32 ta, “Mangit lestorg” MCHJ esa 12 ta zamonaviy avtobusni shaharga olib kelgan.
Vazirlikning ta’kidlashicha, ushbu yangi avtobuslar shaharda jamoat transporti xizmatlari sifatini oshirish, yo‘lovchilar uchun qulay va xavfsiz qatnovni ta’minlash hamda transport tizimi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Keltirilgan avtobuslar shahar ichidagi yo‘nalishlarga brutto-shartnoma asosida joylashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Nukus jamoat transporti uchun ilk elektrobuslar olib kelingan edi. “Sapsan Trans Nukus” korxonasi tomonidan Xitoydan keltirilgan 12 ta elektrobusning umumiy qiymati 24 milliard so‘mni tashkil etgan.
Prezident topshirig‘iga ko‘ra, Nukusga jami 200 ta avtobus olib kelinishi rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda korxonalar tomonidan ularni yetkazib berish choralari ko‘rilmoqda.

